O‘zbekistondagi kamida beshta bank Rossiyaning “Yunistrim” to‘lov tizimi bilan ishlash to‘xtatilgani yoki cheklanganini rasman e’lon qildi.

20-iyul kuni AQSh mazkur to‘lov tizimiga xizmat ko‘rsatuvchi xuddi shu nomdagi “Yunistrim” bankiga qarshi bloklovchi sanksiyalar joriy qilgandi. Bundan tashqari, AQSh G‘aznachiligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Tinkoff Bank, Loko-bank va “Solidarnost” bankini sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shdi. Shundan so‘ng “Yunistrim” hamkorlar bilan barqaror rejimda, uzluksiz ishlash imkonini beruvchi infratuzilma yechimini ishlab chiqqanini ma’lum qildi. Bu qanday vosita ekani va nimani anglatishi bo‘yicha ma’lumot berilmagan.

“Yunistrim” bilan ishlashni 21-iyul kuni O‘zbekiston banklari orasida birinchi bo‘lib yaqinda Vengriyaning OTP banki tomonidan xususiylashtirilgan Ipoteka-bank vaqtincha to‘xtatdi.

24-iyul kuni Xalq banki ham shunday xabar berdi.

O‘sha kuni kechqurun “Trastbank” ham “Yunistrim” bilan ishlash to‘xtatilgani haqida xabar berdi.

25-iyul kuni ertalab “Turonbank” “Yunistrim” bilan ishlash “texnik sozlash ishlari olib borilayotgani sababli” vaqtinchalik to‘xtatilgani haqida xabar berdi. Bank muqobil to‘lov tizimlarini taklif qilgan — Western Union, CONTACT, MoneyGram, Asia Express, “Zolotaya Korona”.

Oradan bir necha soat o‘tib Hamkorbank ham “Yunistrim” orqali xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatganini e’lon qildi. Bank muqobil variantlarni taklif qildi — MoneyGram, Astrasend, CONTACT va “Zolotaya Korona”. Shu bilan birga, bank 25-iyuldan boshlab “Yunistrim” tizimi orqali pul o‘tkazmalari va to‘lovlar faqat milliy valyutada amalga oshirilishini qayd etdi.

Spot nashri boshqa bir qancha kredit tashkilotlari, masalan, “Asakabank” va “Asia Alliance Bank” saytlarida “Yunistrim” tizimi bo‘yicha xabarlar yo‘qolib qolganiga e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, “Aloqabank” tizim bilan hali ham ishlayotgani, “Agrobank” esa faqat u orqali pul o‘tkazmalarini qabul qilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Kapitalbank “shubhali tranzaksiyalar” tufayli 2022-yilning 25-iyulidayoq Contact, “Zolotoy Korona” va “Yunistrim” orqali pul o‘tkazmalariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgandi. Bundan oldinroq — o‘tgan yilning fevral oyidan boshlab “Ipak yo‘li” banki tomonidan “texnik sabablarga ko‘ra” mazkur tizimdan to‘lovlar amalga oshirilishi to‘xtatilgandi. Tizim bilan ishlash qayta tiklangani haqida xabar berilmagan.

Bundan tashqari, Qozog‘iston, Armaniston va Gruziyadagi bir qator banklar AQSh sanksiyalari e’lon qilinishi ortidan “Yunistrim” orqali pul o‘tkazmalarini to‘xtatishini ma’lum qildi. Tojikiston va Qirg‘izistonda ham Rossiya tizimi orqali dollar va yevrodagi pul o‘tkazmalariga cheklovlar kiritilmoqda.

“Yunistrim” mustaqil bankka aylandi. Uning mijozlariga dunyoning 63 mamlakatidagi 150 ming nuqtada xizmat ko‘rsatiladi. Uning asosiy biznesi pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq bo‘lib, daromadining salmoqli qismi MDH davlatlaridan kelgan mehnat migrantlarining operatsiyalari bilan bog‘liq hisoblanadi. Ular rublda maosh oladi va uyiga dollarda pul jo‘natadi.