22-iyul kuni tarmoqlarda Rixdinas nomi bilan tanilgan model va dizayner Madina Maxmudova Toshkent metropolitenida Cosmodinass brendidagi kiyimlarni namoyish qildi. Video modelning Instagram`dagi sahifasiga joylanganidan so‘ng u Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasiga chaqirilib, tushuntirish ishlari olib borildi.

“Metroda „pokaz“ qildim. Juda shov-shuv bo‘lib ketdi. Kutilgandi, lekin bu darajada emas. Chunki meni chaqirishdi ham. Albatta, 15 sutka o‘tirmayman. Borganda tushuntirish hati yozish kerakligini aytishdi. Metroda bizga hech kim yomon munosabatda bo‘lmadi, oldimizga kelib, komplimentlar qilishdi, tarmoqlardagi profilimiz va kiyim brendi haqida so‘rashdi”, — deya ta’kidlagan bloger.


Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti modellar bilan tushuntirish ishlari olib borilganini “Gazeta.uz”ga tasdiqlab, videoda jamoat tartibi yoki metropolitendan foydalanish qoidalari buzilmaganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Departamentning qayd etishicha, metropoliten bekatlari va vagonlarida oraliq masofa cheklangani, temir yo‘l izlarida yuqori kuchlanish mavjudligi hamda metropolitendan foydalanish vaqtida boshqa fuqarolarga noqulayliklar tug‘ilmasligi yoki ular tomondan e’tirozlar kelib tushishining oldini olish uchun har qanday tadbirlar “Toshkent metropoliteni” rahbariyatining yozma ruxsati va MXTB xodimlarining nazorati ostida amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.

“Shu sababdan yuqoridagi videoni olgan fuqarolar MXTBga chaqirtirilgan, bunday tadbirlarni tashkillashtirishdan oldin „Toshkent metropoliteni“ DUK bilan kelishilgan holda o‘tkazilish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan”, — deyiladi departament bayonotida.