Hindiston boshqa mamlakatlarga guruch eksportini taqiqlashi ortidan dunyoda oziq-ovqat narxining oshishi kuzatilishi bashorat qilingandi. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan xavotirlar o‘rinsiz va bu holat mamlakatdagi narxga o‘z ta’sirini ko‘rsatmaydi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda har yili 100 ming gektardan ortiq maydonlarda sholi ekib, yetishtiradi. Respublika sharoitida aholi jon boshiga o‘rtacha yilga 9,8 kg dan guruch iste’moli talab etiladi. Ya’ni respublika aholisi to‘liq guruch mahsulotlari bilan ta’minlash uchun 353 ming tonna guruch zaxirasi talab etiladi.

Respublika xududlarida 2022-yilda 105,8 ming gektar maydonlarda sholi ekilib, 516,9 ming tonna sholi yetishtirilgan. Guruch hisobida 310 ming tonnani tashkil etadi. Ya’ni aholi talabiga nisbatan 43 ming tonna kam guruch ishlab chiqariladi (2021-yilga nisbatan 48 ming tonna ko‘p sholi yetishtirilgan).

Taxlillarga ko‘ra, 2022-yilda respublika bo‘yicha 8 ming tonna guruch import qilingan bo‘lsa, 2023-yilda 53,5 ming tonna guruch importi amalga oshirilgan. Ya’ni iste’molga nisbatan 10 ming tonna ortiqcha guruch import qilingan.

Guruch importi Qozog‘istondan 29,3 ming tonna (54,7%), Pokistondan 23,2 ming tonna (43,3%), Tailanddan 599 tonna (1,1%), Turkiyadan 265 tonna (0,5%) va Xindistondan 126 tonna (0,2%) va boshqa mamlakatlardan 21,1 tonna (0,02%) guruch impoti amalga oshirilgan.

“Yuqoridagilarni inobatga olib, xulosaga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda Hindiston mamlakatidan respublikamizga jami 232,6 tonna guruch importi amalga oshirilgan, xolos. Joriy yilda Hindistonning boshqa mamlakatlarga guruch eksportini to‘xtalishi O‘zbekiston Respublikasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmaydi”, — deya ma’lumot berdi vazirlik.

guruch, қишлоқ xo‘jaligi vaзирлиги, ҳиндистон

Ma’lumot uchun, Hindiston guruch eksporti dunyoda 1-o‘rinda bo‘lib, umumiy jahon eksportining 36,8 foizini tashkil qiladi, asosiy eksport Afrika davlatlari (7,1 mln tonna), Xitoy (2 mln 118 ming tonna), Eron (1 mln 245 ming tonna), Saudiya Arabistoni (1 mln 12 ming tonna) va boshqa davlatlar hisoblanadi.

Jahon bozorida 2023-yil iyun holatiga o‘rtacha guruch narxi 1,93 dollar (22 364 so‘m), eng arzon narx 0,52 dollar (6025 so‘m) (Tunis), maksimal narx 4,84 dollarni (56 086 so‘m) (Serbiya) tashkil etmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston dehqon bozorlarida guruchning 1 kg narxi navidan kelib chiqib, 11 500 so‘mdan 25 000 so‘mgacha sotilayotgani bildirildi (o‘tgan yil mos davriga nisbatan 35,2% ga o‘sgan). Jumladan, guruchning “Avangard” navi 11 500 — 17 500 so‘mgacha, “Alanga” navi 16 000 — 18 500 ming so‘mgacha, “Lazer” navi 19 500 — 25 000 so‘mgacha sotilmoqda.

Kuzatuv natijalariga ko‘ra, guruchning minimal narxi Nukus shahrining “Nukus dehqon bozori” va Guliston shahrining “Guliston dehqon bozori”da (“Nukus-2” va boshqa mahalliy navli guruchlar) 11 500 so‘m qayd etilgan. Maksimal narx esa Toshkent shahrining “Farhod dehqon bozori”da 25 000 so‘mdan sotilgani kuzatildi (“Lazer” navli guruch). Shu bilan birga, ushbu bozorda guruchning minimal narxi 13 000 so‘mni tashkil etgan.

Barcha bozorlar guruch bilan uzluksiz ta’minlangan hamda zaxiralar yetarli”, deya ta’kidlagan vazirlik aholini ijtimoiy tarmoqlarda guruch narxining oshib ketishi “asossiz targ‘ib qilinayotganidan” ogohlantirdi va buni “narxni asossiz oshirishga harakat” deb atadi.