24-iyul kuni soat 16:50 atrofida A-373 Toshkent-O‘sh avtomobil yo‘lida yuk mashinasi xandaqqa ag‘darilib ketdi, deya xabar bermoqda Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Toshkentdan vodiy yo‘nalishiga qarab harakatlangan DAF yuk avtomashina haydovchisi ehtiyotsizligi oqibatida yo‘l o‘rtasida qaychi usulida to‘xtab qolgan va yoqilg‘isi oqib ketgan. Uning ortidan kelayotgan CIMC rusumli qurilish mahsuloti tashishga mo‘ljallangan avtomashina suyuqlikka toyib ketib, yo‘l chetidagi xandaqqa tushib ketgan.

Voqea joyiga FVVning Qamchiq dovoni qutqvruvchilari yetib borgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q, deyiladi xabarda.

Shu kuni soat 17:30 atrofida ham dovon hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lining 243-kilometrida Sinotruk Howo rusumli yuk transport vositasining haydovchisi boshqaruvni yo‘qotganligi sababli avtomobil yo‘l chetiga ag‘darilgan.

Hodisa sabab tan jarohati olgan yoki vafot etganlar bo‘lmagan. Haydovchiga amaliy yordam ko‘rsatilishi vaqtida qisqa tirbandlik yuzaga kelgan va u bartaraf etilgan.