Telegram`dagi kanallarda Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” mahallasida bir sutkadan beri elektr energiyasi yo‘qligi haqida xabarlar tarqaldi. Unga ko‘ra, elektr energiyasi 23:30 gacha kelishi va’da berganiga qaramay 25-iyulning soat 10:30 holatida ham ushbu mahallada elektr bilan bog‘liq muammo hal etilmagan.

Ushbu xabarlardan so‘ng Sergeli tumani hokimiyati vaziyat yuzasidan izoh berdi. Unda aytilishicha, 24-iyul kuni soat 13:00 da “Quruvchilar” MFY hududidagi yuqori kuchlanishli simlarda qisqa tutashuv sodir bo‘lgan.

Shu sababli hududda ta’mirlash ishlari olib borilgan va soat 15:00 da elektr tarmoqqa ulanib, iste’molchilar elektr toki bilan ta’minlangan. Ammo, elektr tarmog‘i simlari suv quvuriga tegib turishi oqibatida tarmoqda qayta qisqa tutashuv yuzaga kelgan va elektr ta’minoti uzilishi ro‘y bergan.

“Bugun 25-iyul kuni ertalab soat 05:00 dan elektr energiya tizimini yaxshilash va yuqoridagi kabi holatlarni oldini olish maqsadida 180 metr uzunlikdagi yangi elektr tarmoq simlarini tortish ishlari olib borilmoqda, shuningdek, ish jarayonlari yakunlangach, bugun soat 19:00 ga qadar elektr ta’minoti qayta to‘liq tiklanishini ma’lum qilamiz”, — deyiladi hokimlik xabarida.

Bundan tashqari, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar filiali 25-iyul kuni Sergeli tumanining “No‘g‘ayqo‘rg‘on” va “Qubaytepa” MFYlarning ayrim ko‘chalarida soat 16:00 gacha, Yashnobod tumanining “Ko‘ksaroy” MFYning ayrim ko‘chalarida soat 17:00 gacha elektr energiyasi bo‘lmasligini ma’lum qildi.