2023-yilning fevralida Jinoyat kodeksining 2 moddasi bilan ayblanib, protsessual tartibda ushlangan bloger Abduqodir Mo‘minov ishi bo‘yicha 25-iyul kuni ilk sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

“Oynaga qarang” MCHJ rahbari bo‘lgan 33 yoshli Abduqodir Mo‘minov Jinoyat kodeksining 141−1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlari, 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Foto: Oliy sud

Mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi raisi S.Sodiqov raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

“Qo‘shimcha ma’lumot sud jarayoni yakuni bo‘yicha beriladi”, — deyiladi Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov axborotida.

Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchi mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 903 mln 421 ming 567,5 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Abduqodir Mo‘minovning tergov vaqtida qiynab o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Bosh prokuratura matbuot kotibi “Gazeta.uz"ga bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, “u tirik va sog‘lom” ekanini aytgandi.