Surxondaryo viloyatida tumanlar orasida yana YPX postlari paydo bo‘lgan. Bunga Kun.uz nashri e’tibor qaratdi.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-maydagi №377-sonli qaroriga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida faqatgina ikkita — “Manguzar” va “Darband” muntazam YPX maskanlari qoldirilgan edi.

Hukumatning shu qarorida faoliyati tugatiladigan yo‘l-patrul xizmati statsionar postlari va patrul-post xizmati postlari ro‘yxati ham keltirilgan.

йпх postlari, сuрхонdaрё

Nashrning qayd etishicha, yuqorida keltirilgan ro‘yxatdagi postlarning ayrimlari yana faoliyat boshlagan, postlarda DYHXX avtomashinalari va YPX inspektorlari turibdi.

йпх postlari, сuрхонdaрё

Denov tumanidagi Xayrobod aholi punktidagi post. Foto: Kun.uz

Vaziyatdan xabardor haydovchilarning aytishicha, bu postlar iyun oyi boshida g‘alla mavsumida hosil ortgan yuk mashinalari harakatini tartibga solish uchun faoliyat ko‘rsata boshlagan, g‘alla mavsumi tugasa-da, olib tashlanmagan.

“Hozircha hech bir haydovchidan bu borada tahririyatga shikoyat kelib tushgani yo‘q yoki ijtimoiy tarmoqlarda biror norozilik bildirilmadi. Lekin eski postlar rasmiy xabar berilmasdan tiklangani ajablanarli”, — deyiladi xabarda.

йпх postlari, сuрхонdaрё

Sho‘rchi shahriga kiraverishdagi post. Foto: Kun.uz

йпх postlari, сuрхонdaрё

Sherobod shahridan chiqaverishdagi, M-39 trassasidagi post. Foto: Kun.uz

Surxondaryo viloyat IIB JXD va YHXB matbuot xizmati rahbari Elnur Abrayevning nashrga bergan izohida bularning barchasi haydovchilar xavfsizligini o‘ylab qilinayotganini ta’kidlagan.

“Yoz faslida kunduz kuni kunlar qizib ketishi sababli, viloyatimizdagi haydovchilar uzoq manzillarga asosan tungi salqinda yo‘lga chiqishmoqda. Ochig‘i, yozda haydovchi uxlab qolib avtohalokat sodir etishi kabi hodisalar birmuncha ko‘payganidan so‘ng shunday postlarni vaqtinchalik chora sifatida qo‘llashga majbur bo‘lmoqdamiz. Bu postlarda kunduz kuni kuzatuv olib borilmaydi, tungi soat 20:00 dan boshlab ertalab 8:00 gacha smena asosida xizmat olib borilmoqda. Biroq, yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash uchun vaqtinchalik chora sifatida bundan foydalanishga majburmiz”, — deydi Elnur Abrayev.

Uning qayd etishicha, YPX xodimlari shubhali ko‘ringan haydovchilar charchagan-charchamagani, hujjatlari joyida ekaniga amin bo‘lib, yo‘lga kuzatishadi.

“Mening o‘zim ham Darband postida uzoqdan kelayotgan, charchoq alomati bo‘lgan haydovchilarni to‘xtatib, ularga yomon ko‘rinsam ham „ichganga o‘xshayapsiz, ko‘zlaringiz qizargan, aptechkangiz bormi?“ kabi, haydovchining g‘ashiga tegadigan savollarni berib, ularni „uyg‘otaman“. Maqsad — haydovchini mudroqdan xalos etib, yo‘lning qolgan qismida tetik ketishiga sababchi bo‘lish”, — deydi Abrayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu postlarda spirtli ichimlik ichib rulga o‘tirgan, o‘ziga tegishli bo‘lmagan avtotransport vositasini hujjatlarsiz boshqarib kelayotgan ko‘plab haydovchilar ushlanmoqda. Hattoki narkotik moddalar ham topilmoqda.

“Ayrimlar „YPX xodimlari tomonidan bunday postlarda tamagirlik qilinadi“, degan asossiz vajlarni ilgari surishmoqda. Endi u zamonlar o‘tib ketdi. Hozir YPX xodimlarining har birida bodi-kamera bor. Undagi yozuvlar uch oygacha saqlanadi. Agar YPX xodimi biror haydovchiga asossiz talab qo‘ysa yoki qo‘pollik qilib, uning huquqini buzsa — murojaat qilishsin, biz yozuvlarni ko‘tarib, xodim nohaq bo‘lsa unga chora ko‘ramiz. Tumanlar orasidagi ushbu postlar uch oylik yoz faslida — vaqtinchalik faoliyat ko‘rsatadi, so‘ngra olib tashlanadi”, — dedi Elnur Abrayev.