24-iyul kuni ertalab Moskvaga ikkita uchuvchisiz uchish apparati hujum qildi. Bu haqda shahar meri Sergey Sobyaninga tayanib, Meduza xabar berdi.

“Bugun ertalab soat to‘rtda ikkita noturar joy binosiga dron zarbalari qayd etildi. Jiddiy vayronagarchilik va qurbonlar yo‘q”, — deb yozgan mer o‘zining Telegram kanalida.

Rossiya Mudofaa vazirligi dronlar Ukrainaga tegishli ekanini da’vo qilmoqda. “24-iyul kuni ertalab Kiyev rejimining ikkita uchuvchisiz uchish apparati tomonidan Moskva shahridagi obyektlarga terrorchilik hujumi uyushtirishga urinishi bartaraf etildi”, — deyiladi bayonotda.

“TASS” ma’lumotiga ko‘ra, birinchi dron qoldiqlari Komsomol shohko‘chasidagi 17-uy yonidan topilgan. Bu hudud Rossiya Mudofaa vazirligi binosidan unchalik uzoqda emas.

Ikkinchi dron Lixachev shohko‘chasida qurilayotgan biznes markaziga kelib tushdi. Oqibatda 50 kvadrat metr maydondagi binoning 17 va 18-qavatlari oynalari singan.

Voqea joyiga favqulodda xizmatlar yetib bordi. Bu hududlar bo‘ylab harakatlanish cheklangani bildirildi.

Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishi boshlanganidan beri Moskva bir necha bor uchuvchisiz samolyotlar hujumiga uchragan. 3-mayga o‘tar kechasi Moskva Kremliga ikkita dron hujum qilgan. Rossiya rasmiylari voqeani terakt va o‘sha paytda boshqa qarorgohda bo‘lgan Vladimir Putinga suiqasd deb atagan.

30-may kuni ertalab dronlar Moskva va Moskva viloyatining bir qancha tumanlariga hujum qilgan. Uchta dron Yangi Moskva va Rossiya poytaxti markazidagi turar joy binolariga zarba bergan. 21-iyun kuni Yangi Moskva va Naro-Fominsk shahri okrugida uchta dron urib tushirilgan. 4-iyul kuni Moskvaga yaqinlashayotganda bir nechta uchuvchisiz samolyotlar urib tushirilgan, shu sababli Vnukovo aeroporti vaqtincha yopilgan.