Davlat xavfsizlik xizmati huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan birgalikda oliy o‘quv yurtlariga pul evaziga o‘qishga kiritish va ko‘chirish bilan bog‘lik aniqlangan noqonuniy holatlar haqida xabar berdi.

Andijon shahrida yashovchi 27 yoshli shaxs fuqaroni Andijon davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 19 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tezkor surishtiruv harakatlari davomida fuqaro puldan 16 ming dollarini institut dekan o‘rinbosariga berishi kerakligi ma’lum bo‘lib, so‘ralgan pulni olgan vaqtida u ham ushlangan. Shuningdek, ishga aloqador bo‘lgan oliy o‘quv yurtining o‘qituvchisi ham qo‘lga olingan.

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi shaxs 2 nafar fuqaroni Chirchiq davlat pedagogika universitetining boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 12,5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Buxoro davlat pedagogika instituti xodimi 2 nafar fuqaroni mazkur oliy o‘quv yurtining harbiy ta’lim fakultetiga o‘qishga kirish uchun bo‘ladigan imtihonlardan o‘tkazib qo‘yish evaziga 5 ming dollar talab qilib, oldindan 4 ming dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Sirdaryo viloyati Guliston tumanida yashovchi, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan, 32 yoshli shaxs Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroni Guliston davlat universitetining jismoniy tarbiya yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 ming dollar talab qilib, 3900 dollari va 1 mln 150 ming so‘m olgan vaqtida ushlangan.

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashovchi, 28 yoshli shaxs esa fuqaroning o‘g‘lini Qozog‘istondagi universitetning 2-bosqichini tamomlagani to‘g‘risidagi hujjatlarni rasmiylashtirib, O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalaridan birining 3-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 1600 dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.