Ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishining yosh bolalarni axloqsiz harakatlar qilishga majburagani aks etgan video tarqaldi. Holat bo‘yicha Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati rahbari Bobur To‘laganov munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, videodagi shaxs Piskent tumanida yashovchi 1984-yilda tug‘ilgan F. X. bo‘lib, u ruhiy kasalliklar dispanserida doimiy ro‘yxatda turadi. Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyaning tegishli ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro bolaligidan 2-guruh nogironi.

“Holat yuzasidan fuqaroning yaqinlari bilan o‘tkazilgan profilaktik suhbat va tergovga qadar surishtiruv davomida uning hozirgi holati mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, davolanishi uchun Olmaliq shahridagi ruhiy asab kasalliklari dispanseriga joylashtirildi”, — deyiladi IIBB axborotida.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv davom ettirilmoqda.