Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘zini ichki ishlar organi xodimi deb tanishtirgan qiz videosi o‘rganib chiqildi, deya xabar bermoqda Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati.

O‘rganish davomida ichki ishlar organi xodimining xizmat kiyimidagi ayol Quva tumanida yashovchi 21 yoshli Sh. M ekanligi aniqlanib, unga nisbatan tuman IIB tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.

“21-iyul kuni Sh. M.ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tumani sudi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 209-moddasi prim 1-moddasi (Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish)ga asosan, BHMning 2 baravari (660 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi”, — deyiladi IIB axborotida.

Qayd etilishicha, mazkur kiyim-boshni Sh. M.ga bergan IIO xodimning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Avvalroq, jizzaxlik ikki fuqaro YPX xodimlari haqida suratga olgan hazilomuz video ortidan biri 15 sutka, boshqasi esa 10 sutkaga qamalgan edi. Keyinroq ularning qamalishi noqonuniy deb topilib, apellyatsiya instansiyasida ular sud zalidan ozod qilingandi.