iOS va Android uchun Telegram ilovalarida foto va videolar vaqtincha joylanadigan Stories (hikoyalar) bo‘limi paydo bo‘ldi. “Tinkoff jurnal” ushbu funksiyadan qanday foydalanish bo‘yicha qo‘llanma e’lon qildi.

Stories bo‘limi barcha chatlarning tepasida joylashgan. Yangi funksiya messenjerni ijtimoiy tarmoqqa yanada yaqinlashtiradi. Stories deyarli Instagram Stories bilan bir xilda ishlaydi, lekin bir nechta farqlarga ega.

Telegram Stories`dan qanday foydalaniladi?

Stories faqat ilovani iOS`da 9.6.4 yoki Android`da 9.7.0 versiyasiga yangilaganingizda paydo bo‘ladi. Kompyuterlar uchun Telegram`da Stories macOS uchun 9.7 va Windows uchun 4.8.5 versiyalarida paydo bo‘ldi. Bu xususiyat hali veb⁠-⁠versiyasida mavjud emas.

iOS ilovasida Stories qo‘yish belgisi yuqori o‘ng tomonda paydo bo‘ldi — u aylana ichidagi plyus belgisiga o‘xshaydi va “Xabar yozish” tugmasi yonida joylashgan. Stories tasmasi ham o‘sha yerda joylashgan: uni pastga surib ochish mumkin.

Android`da Stories joylash uchun chap tarafdagi panelda “Mening hikoyalarim” (My stories) ni tanlash yoki yuqoridagi Stories tasmasini pastga surib ochib, chap tarafdagi profil surati va plyus belgisi tasviridagi joyni bosish kifoya.

Kompyuterlar uchun Telegram`da hozircha hikoyalarni joylashtirishning imkoni yo‘q, ularni faqat ko‘rishingiz mumkin.

Boshqa foydalanuvchilarning Stories`lari orqali ular bilan muloqot qilish mumkin. Stories`larni yuklab olish, yashirish yoki ulardan shikoyat qilish mumkin. Shuningdek, xabar yoki emoji bilan javob berish mumkin. Bunda xabar Stories egasining shaxsiy chatiga keladi.

Stories`ning qanday foydali funksiyalari mavjud?

Telefonning orqa va old kameralarida bir vaqtning o‘zida suratga olish. Bu formatni 2022-yilda BeReal ilovasi mashhur qilgan.Bunda siz boshqalarga bir vaqtning o‘zida o‘zingizni ham, atrof-muhitni ham ko‘rsatishingiz mumkin. Ushbu funksiya hozircha faqat iOS da mavjud.

Postni turish vaqtini belgilash mumkin. Stories turish vaqti nafaqat 24 soatni, balki 6, 12 yoki 48 soatni tashkil etadi.

Stories`ni profilga saqlash. Stories`da joylangan postni arxivga qo‘shish mumkin. Bunda post 24 soatdan keyin ham profilda qoladi.

Bulardan tashqari stories`ni skrinshot qilib olishlarini oldini olish, yozuv, stiker yoki emoji qo‘shish mumkin.

Kimlar Stories joylay oladi?

Sinov bosqichida faqat Telegram Premium obunachilari stories`lar joylashi mumkin. Bu maxsus emoji kabi qo‘shimcha funksiyalarni ochadigan pulli variant. Premium obunasi bo‘lmagan oddiy foydalanuvchilar yangi bo‘limda hech narsa joylashtira olmaydi, lekin ular boshqa odamlarning hikoyalarini ko‘rishlari va ularga javob berishlari mumkin.

Telegram jamoasi funksiyani taxminan bir oy davomida sinab ko‘rishni rejalashtirmoqda. Avgust oyida barcha foydalanuvchilar cheklovlarsiz stories joylashi mumkin.

Birinchi bosqichda stories faqat Telegram`dagi shaxsiy akkauntlar orqali yaratilishi mumkin. Kanallar, botlar va guruh suhbatlarida bu funksiyasi hali mavjud emas.

Telegram`dagi stories haqidagi bildirishnomalarni qanday o‘chirish mumkin

Foydalanuvchilar duch kelgan birinchi muammolardan biri bu — Telegram yangi story haqida bildirishnomalar yuborishi. Ularni qanday o‘chirish mumkin: Sozlamalar (Nastroyki) → Bildirishnoma va ovozlar (Uvedomleniya i zvuki) → Hikoyalar (Istorii) tugmachasini o‘chirish.

Shuningdek, u yerda muayyan foydalanuvchilar uchun istisnolarni sozlash mumkin. Muqobil usul: muayyan foydalanuvchi profiliga o‘tib → “Ovoz” → “Sozlamalar” → “Hikoya bildirishnomalari” → yoqish yoki o‘chirish.

Stories`ni tomosha qiladigan begonalarni qanday “yo‘qotish” mumkin?

Telegram foydalanuvchilari birinchi kuniyoq ularning story`larini notanish odamlar va akkauntlar tomosha qilayotganini payqashdi. Gap shundaki, messenjer telefondagi kontaktlardan, shuningdek, ilovaning o‘zida kontaktlarga qo‘shganlardan foydalanadi. Ko‘pincha odamlar bunga ahamiyat bermaydi. Masalan, odamlar ish joyida raqamlar almashganida yoki Telegram`da yetkazib berish xizmati xodimi bilan bog‘laganda ularni kontaktga qo‘shib qo‘yishlari mumkin.

Hozircha bu bilan kurashishning bir necha yo‘li mavjud. Hikoyalaringizni kim ko‘rishini boshqarishingiz mumkin. Bunda “Bu postni kim ko‘rishi mumkin” → “Mening kontaktlarim”, “Yaqin do‘stlar” yoki “Tanlangan kontaktlar” → istisnolarni o‘rnatish.

Bundan tashqari, allaqachon e’lon qilingan hikoyalarda ham auditoriyani o‘zgartirish mumkin. Yana bir usul — kontaktlarni qo‘lda tozalash yoki Telegram`ning o‘zida keraksiz kontaktlarni o‘chirib tashlash.