Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — noshir, “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi ta’sischi, O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi rahbari Erkin Abdurahmonov.

Mutolaa haqida

Hayotim davomidagi deyarli barcha savollarga kitoblardan javob topganman. Kitob dardimga davo, muammolarim yechimi bo‘lgan, desam mubolag‘a emas. Tongni kitob mutolaasi bilan boshlayman. Bir vaqtning o‘zida bir necha kitob o‘qishim mumkin, lekin asosiy e’tiborim bir kitobda bo‘ladi — uni tugatmaguncha boshqa kitoblar ikkinchi darajada turadi. Kasbim taqozosi bilan o‘qiladigan kitoblar bundan mustasno.

Asosan rus tilida o‘qiyman, ingliz va turk tillarini o‘rganib, shu tillarda kitob o‘qiy boshlashni orzu qilaman. Kitoblarni asosan qog‘oz variantida o‘qiyman. Yiliga 20−30 nomda kitob o‘qisam kerak. O‘qib tugallanmagan, qisqacha tanishib, kelgusida o‘qish uchun mo‘ljallangan kitoblar soni ancha ko‘p.

Kitob mutolaasini fikriy ozuqa oladigan, fikrlash qobiliyatini charxlab turadigan, hayotdagi o‘zgarishlarni osonlik bilan qabul qilishga o‘rgatadigan jarayon deb bilaman.

So‘nggi o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Mortimer Adler. “Kak chitat knigi (Rukovodstvo po chteniyu velikix proizvedeniy)”. “Mann, Ivanov i Ferber” nashriyoti. 2022-yil. 336 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлiк, mutolaa, нiма o‘qiymiz, эркiн абдuраҳмонов

Kitob o‘qish bo‘yicha ko‘p yillik tajribam bo‘lsa-da, ushbu kitob mutolaa haqidagi tasavvurlarimni o‘zgartirib yubordi. U bolalik chog‘imda otamning: “O‘qigan kitoblaring haqida qisqa xulosangni yozib yurish uchun daftar tut”, degan talablarini yodimga soldi — o‘shanda otam aslida menga kitobni qanday o‘qish kerakligini o‘rgatgan ekanlar.

Muallif uzoq yillar talabalarga kitob o‘qishdan dars bergan, butun umrini kitobni sevish va uni tushunishga bag‘ishlagan inson. U kitob mutolaasiga mashaqqatli mehnat sifatida qarashni o‘rgatadi va kitobxonni faol bo‘lishga, o‘qish — bu harakat bilan bog‘liq jarayon ekanligini ta’kidlaydi. Mutolaaga sarflanadigan vaqt samaradorligini bir necha barobar oshirish yo‘llarini o‘rgatadi. O‘qish, yozish va nutqni faol mutolaa, haqiqiy kitobxonlikning xususiyatlari sifatida ko‘rsatadi.

Oddiy qoidalarni bilish orqali kitobxon mutolaa jarayonida faollashadi, o‘z pozitsiyasi, fikrlash tarzi va o‘zining ichki imkoniyatlarini anglashni o‘rganadi. Muallif fikricha, har qanday kitob haqida yetarlicha tasavvurga ega bo‘lish va u haqida adolatli xulosa bildirish uchun uni uch marta o‘qish talab etiladi. Bu kitobni mutolaani hayotining ajralmas qismiga aylantirgan barcha kitobxonlarga tavsiya etaman. “Yangi asr avlodi” ushbu kitobni o‘zbek tilida ham o‘quvchilarga taqdim etdi (sotib olish).

Samyuel Xantington. “Stolknoveniye sivilizatsiy”. “Ast” nashriyoti. 2022-yil. 640 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлiк, mutolaa, нiма o‘qiymiz, эркiн абдuраҳмонов

Samyuel Xantingtonning bu asari o‘tgan asrning 90-yillarida yozilganiga qaramay, bugun ham dolzarbligini yo‘qotmagan. Kitob yozilganidan keyingi 30 yillik davr muallifning ko‘pgina ilmiy qarashlari, xulosalari asosli ekanligini ko‘rsatmoqda. Asarda antik dunyodan boshlab bugunga qadar insoniyat tarixi, madaniyati, til, din, iqtisod bilan bog‘liq jarayonlar umumlashtirilgan va har bir tarixiy voqea-hodisalar zamiridagi sabablarni chuqur tahlil qilingan, o‘zaro bog‘liq jihatlari ochib berilgan.

Muallif qarashlari, xulosalari bilan bahslashish, Islom va turkiy dunyo bilan bog‘liq fikr-mulohazalariga savollar tug‘ilishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, intellektual asarlar sirasiga kiruvchi va o‘quvchidan sohaga oid bilimga ega bo‘lishni talab etuvchi mazkur kitob global geosiyosiy jarayonlarni anglash va dunyo haqidagi tasavvurlarni boyitishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston dunyo hamjamiyatining to‘laqonli a’zosi ekan, global dunyodagi jarayonlardan chetda turolmaydi. Shu ma’noda geosiyosat mavzusidagi kitoblarga ehtiyoj ortib boradi. Buni inobatga olib, “Yangi asr avlodi” nashriyoti tez kunlarda mazkur kitobni ham o‘zbek tilida kitobxonlarga taqdim etadi.

Kleyton M. Kristensen. “Dilemma innovatora”. “Alpina” nashriyoti. 2021-yil. 342 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлiк, mutolaa, нiма o‘qiymiz, эркiн абдuраҳмонов

Kitobda shiddat bilan rivojlanayotgan yangi texnologiyalar zamonida muvaffaqiyatli kompaniyalarning inqirozi sabablari o‘rganiladi va bu muammoning yechimi taklif qilinadi. Innovatsiya bugungi kunda har qanday kompaniya faoliyatining rivojlanishi asosini tashkil etmoqda. Bu kitobni har bir tadbirkor, kompaniya rahbari o‘qishi kerak, deb bilaman.

O‘zbekiston iqtisodiyoti, ishlab chiqarish va tadbirkorlik sohasini tahlil qilsangiz, bundan 3−4 yil avval muvaffaqiyat bilan faoliyat yuritgan ko‘pgina yirik kompaniyalar bugun inqirozga uchrayotgani yoki mavqeini yangi, innovatsion mahsulotlari bilan bozorni egallayotgan kichik-kichik kompaniyalarga boy berayotganini kuzatish mumkin. Bir necha xodimdan iborat startap minglab xodimi bo‘lgan korxonalardan ko‘ra ko‘proq daromad topyapti va yirik kompaniyalarning inqiroziga sabab bo‘lyapti, yirik kompaniyalarni saqlash va rivojlantirish har qachongidan murakkab vazifaga aylanmoqda. Lekin har qanday muvaffaqiyatli startap vaqt o‘tishi bilan nisbatan yirik kompaniyaga aylanishga mahkum. Demak, kelajakda ularni ham shunday qismat kutadi.

“Dilemma innovatora” muvaffaqiyatli kompaniyalarning inqirozi tarixini o‘rganadi, uzoq yillardan buyon muvaffaqiyat keltirgan ish uslublari, turli tartib-qoidalar, yo‘riqnomalar bugungi kunda inqiroz sababchisiga aylanayotganini, rivojlanish ham aslida xavf ekanligi va buni oldini olishda qo‘llaniladigan strategiya va yechimlar mavjud kompaniyalar tajribasi orqali ko‘rsatiladi. Tadbirkorlik, boshqaruv yo‘nalishida o‘qiganlarim orasida bu kitobga alohida urg‘u berishimning boisi shundaki, undan juda ko‘p xulosalar oldim, faoliyatim davomida to‘qnash kelgan voqeliklarning asl sabablarini anglashimda juda katta yordam bo‘ldi (sotib olish).

Ed Ketmell. “Korporatsiya geniyev”. “Alpina” nashriyoti. 2022-yil. 344 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлiк, mutolaa, нiма o‘qiymiz, эркiн абдuраҳмонов

Pixar Animation va Disney Animation kompaniyalari prezidenti bo‘lgan Ed Ketmellning bu kitobi ham menda iliq taassurot qoldirdi. Stiv Jobs sotib olgan kichik animatsion studiyani yirik kompaniyaga aylanishiga sababchi bo‘lgan nihoyatda iste’dodli shaxs tomonidan yozilgan bu asarni ijodkorlar tabiati, iste’dodlarni yetishtirish san’ati haqida, deb aytish mumkin. Multfilmlar va grafik dizayn butun dunyoni egallab olishida aynan shu is’tedod egasining xizmati katta bo‘lgan.

Uzoq yillar ijodiy jamoada faoliyat yuritib, iste’dodlar bilan ishlash murakkabligini o‘z tanamda his qilganim sababmi, bu kitob men uchun haqiqiy topilma bo‘ldi. Katta kompaniyalar tarixi uning asoschisi yoki rahbari tomonidan yozilganda shaxsiy tajribaga asoslanadi va hayotiyligi bilan katta ahamiyat kasb etadi. Kitobda uchraydigan ko‘plab voqea-hodisalar muallif nuqtai nazaridan ta’riflanadi, uning pozitsiyasi, prinsiplari, shaxsiy tajribasidan olgan xulosalarini har doim ishlaydigan, har kim qo‘llasa natija beradigan tabiat qonunlari sifatida o‘rganish mumkin.

Bu kitobni odatda is’tedodli kishilar bilan ishlaydigan rahbarlarga o‘qishni ko‘proq tavsiya qilgan bo‘lardim (sotib olish).

Govard Shuls. “Kak chashka za chashkoy stroilas Starbucks”. “Alpina” nashriyoti. 2022-yil. 284 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлiк, mutolaa, нiма o‘qiymiz, эркiн абдuраҳмонов

Starbucks kompaniyasi asoschisi Govard Shulsni kofe ichishni butun dunyoda odatga aylantirgan inson, desam xato bo‘lmasa kerak. Kofe issiq o‘lkalar uchun noodatiy ichimlik va, e’tibor bersangiz, yaqin-yaqingacha o‘zimizda ham kofe hozirgidek ommaviy ichilmasdi. Starbucks’ning o‘zi hozircha O‘zbekistonga kirmagan bo‘lsa-da, uning muvaffaqiyatidan andoza olgan kofe savdosi bilan shug‘ullanuvchi mahalliy kompaniyalar so‘nggi yillarda juda ko‘paydi.

Ochig‘i, bu kitobni o‘qishdan avval qahva shaydosi emasdim. Lekin muallifning kofega bergan ta’rifi va o‘z kasbiga bo‘lgan cheksiz muhabbati meni nafaqat bu ichimlikning doimiy iste’molchisiga aylantirdi, shu bilan birga kitob do‘konimizda book-cafe tashkil etishimga ham turtki bo‘ldi, desam yolg‘on bo‘lmaydi. Buyuk muhabbat bilan yozilgan kitoblarning qudrati nimalarga qodir ekanligini tasavvur qilish qiyin emas.

Kitob Starbucks va uning asoschisi tarixini, kichik kofe sotuvchi do‘kondan dunyoning 50 dan ortiq davlatlarida faoliyat yuritayotgan buyuk kompaniyaning bosib o‘tgan yo‘lini hikoya qiladi. U nafaqat kompaniya tarixi, balki o‘z kasbiga mehr qo‘ygan jamoa qadriyat va prinsiplari, mijozlar, xodimlar va aksiyadorlar oldidagi ma’suliyat ulkan muvaffaqiyatga sabab bo‘lgani haqida. Kitobning har sahifasida tadbirkor va rahbarlarga asqatadigan xulosa va saboqlar bor (sotib olish).

Yosh kitobxonlarga tavsiyalar

Ota-onalar, ustozlarga murojaatim — farzandingiz 7 yoshidan 17 yoshigacha har oy hech bo‘lmasa bitta kitob o‘qishini nazorat qiling. Shunda yiliga, ana boring, 10 ta, 10 yilda 100 ta kitob o‘qisa, 17 yoshga yetganida farzandingiz tafakkuri, tasavvuri, madaniyati va nutqi bilan dunyoni zabt etishga qodir bo‘ladi.

Eng avvalo kitobxon didi shakllanishi kerak. Jahon va o‘zbek adabiyotida har qaysi yoshga mos buyuk kitoblar ko‘p. Yoshlar vaqt sinovidan o‘tgan klassik adabiyotlarga qo‘proq murojaat qilishlarini istardim.

  • Lyuis Kerroll. “Alisa mo‘’jizalar mamlakatida” (sotib olish);
  • Mark Tven. “Tom Soyer va uning sarguzashtlari” (sotib olish);
  • Jonatan Svift. “Gulliver va uning sayohatlari” (sotib olish);
  • Daniel Defo. “Robinzon Kruzo” (sotib olish);
  • Antuan de Sent-Ekzyuperi. “Kichkina shahzoda” (sotib olish);
  • Redyard Kipling. “Maugli” (sotib olish);
  • Aleksandr Grin. “Alvon yelkanlar” (sotib olish);
  • Ezop masallari (sotib olish);
  • Ivan Krilov masallari;
  • Ernest Xeminguey. “Chol va dengiz” (sotib olish);
  • Jek London. “Martin Iden” (sotib olish);
  • Oybek. “Bolalik xotiralari” (sotib olish);
  • Abdulla Qodiriy. “O‘tgan kunlar” (sotib olish);
  • Abdulla Qodiriy. “Mehrobdan chayon” (sotib olish);
  • Jyul Vern. “15 yoshlik kapitan” (sotib olish);
  • O‘lmas Umarbekov. “Odam bo‘lish qiyin” (sotib olish);
  • Chingiz Aytmatov. “Oq kema” qissasi (sotib olish) va boshqa hikoyalari;
  • Fyodor Dostoyevskiy, “Telba” (sotib olish);
  • Fyodor Dostoyevskiy. “Jinoyat va jazo” (sotib olish);
  • Lev Tolstoy. “Anna Karenina” (sotib olish);
  • Lev Tolstoy. “Urush va tinchlik” (sotib olish);
  • Zarifa Saidnosirova. “Oybegim mening” (sotib olish);
  • Rasul Hamzatov. “Mening Dog‘istonim” (sotib olish).

Ro‘yxatni yana davom ettirishim mumkin. Bugun bu asarlarning bari kitob do‘konlarida bor, endi eng muhimi — bu kitoblarning o‘qilishi, farzandlarimizning ilm-ma’rifatli bo‘lishi, qalbida buyuk muhabbat uyg‘onishidadir. Epidemiya kabi ko‘payib ketayotgan til markazlarida farzandlarimiz til o‘rganishlari mumkin, lekin ingliz tilini bilish — bu hali biror bilim yo kasb egasi bo‘ldi, degani emas. Haqiqiy ziyo, ma’rifatning makoni — qalb. U faqat kitob bilan yolg‘iz qolgan damlardagina yuksaladi.