17-iyul, dushanba kuni AQShning Nyu-York shahrida bo‘lgan otishmada og‘ir yaralangan 15 yoshli o‘zbekistonlik bola seshanba tongida vafot etgani xabar qilingandi. 20-iyul kuni shahardagi Musulmonlar jamiyati markazida marhumning janozasi bo‘lib o‘tdi. Unda Nyu-York shahri meri Erik Adams qatnashib, marhumning yaqinlariga ta’ziya izhor qildi. Bu haqda New York Post xabar qildi.

“U beozor, juda sokin bola edi. Xudo uning jonini juda erta oldi. U UFC bo‘yicha chempion bo‘lishni, O‘zbekiston va Amerika bayrog‘ini ko‘tarishni xohlardi. Biz u bilan doimo faxrlanganmiz. Mening nevaram Nyu-Yorkda otib o‘ldirilgan oxirgi odam bo‘lishi kerak” — deydi Faridunning buvisi Umara Kamalova.

Kamalova, shuningdek, shahar hokimi va politsiyadan bunday fojialarning oldini olishni iltimos qildi.

Masjidga kelib janozada qatnashgan Nyu-York meri Erik Adams shunga o‘xshash qotilliklarni to‘xtatish uchun rasmiylar ko‘chalarni o‘qotar qurollardan tozalashi kerakligini aytdi.

“Ko‘chalarimizda juda ko‘p qurol bor, yoshlarimiz orasida zo‘ravonlik holatlari juda ko‘p. Shahrimizda zo‘ravonlikka moyil yoshlar bor. Biz bu og‘riqli lahzani qabul qilishimiz va uni maqsadli bir lahzaga aylantirishimiz, shuningdek, o‘z hayotimizni shahrimiz bolalarini qutqarish uchun bag‘ishlashimiz shart. Yoshlar yoshlarni o‘ldirishi odatiy holat bo‘lib qolmoqda”, — dedi mer.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Jeyms Medison o‘rta maktabi o‘quvchisi Faridun Mavlonov dushanba kuni soat 13:00 atrofida yuz bergan otishmada yaralangan. Mavlonov qotilligida gumonlanayotgan 17 yoshli yigit politsiyaga ma’lum, ammo hali qo‘lga olinmagan.

“Besh farzandim bor, u mening o‘g‘lim edi”, — deb yig‘lab yubordi marhumning otasi Firdavs Mavlonov. “U menga hamma narsada yordam berardi. Hamma narsaga g‘amxo‘rlik qilardi. U 15 yoshda edi. Hayotni hali ko‘rmagandi”.

Bolaning tobutini ko‘tarishda yordam bergan Adams janozada yig‘ilganlarga ota hech qachon o‘g‘lini dafn qilmasligi kerakligini aytdi.

“Farzandlarimizni yo‘qotish shahar va butun mamlakat uchun ayblovdir. Biz buni o‘zgartirishimiz kerak. Bolalarimizni qutqarishimiz kerak. Biz juda ko‘p narsani yo‘qotmoqdamiz, juda ko‘p”, — dedi Adams.

Umara Kamolovadan nabirasining qotiliga qanday xabarni yetkazmoqchi ekanligi haqida so‘ralganda, qisqa javob berdi — “Xudo jazosini bersin”.

Foto

нью-йорк, отишма, фаридuн мавлонов, эрик адамс

Foto: New York Post

нью-йорк, отишма, фаридuн мавлонов, эрик адамс

Marhumning otasi Firdavs Mavlonov va Nyu-York meri Erik Adams. Foto: New York Post

нью-йорк, отишма, фаридuн мавлонов, эрик адамс

Firdavs Mavlonov. Foto: New York Post

нью-йорк, отишма, фаридuн мавлонов, эрик адамс

Faridunning buvisi Umara Kamalova. Foto: New York Post

нью-йорк, отишма, фаридuн мавлонов, эрик адамс

Faridun Mavlonov.