Toshkent viloyati Nurafshon shahrida 3 kishi kanalizatsiyada zaharlanib vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, 20-iyul kuni “Toshkent kommunal qurilish servis” MCHJ ishchisi — 57 yoshli Q.A. shaharning “To‘ytepa” MFYsida joylashgan suv oqova tarmog‘i (kanalizatsiya) qudug‘iga tushib, tozalash ishlarini olib borayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda quduq ichidan chiqqan zaharli gaz aralashmasidan bo‘g‘ilib, hushidan ketgan.

O‘sha yerda bo‘lgan S.M. (23 yoshi), Ye.K. (55 yosh) va F.Sh. (27 yosh) quduq ichiga yordam berish maqsadida tushgan, ammo ular ham hushidan ketgan.

Oqibatda Q.A., S.M. va Ye.K. hodisa joyida vafot etgan. F.Sh. esa hushsiz holatda shahar markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, fuqarolarning o‘limiga vodorod sulfiddan o‘tkir zaharlanish, o‘tkir nafas, yurak-qon tomir yetishmovchiligi kabilar sabab bo‘lgan.

Shahar IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “b” bandi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish: boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.