Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasi Qashqadaryo viloyatidagi loyihalarga 16 million dollar miqdorida sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Xitoyda xizmati safarda bo‘lib turgan Qashqadaryo hokimi Murotjon Azimov va CAMC Engineering kompaniyasi rahbariyati bilan Kitob tumanida yiliga 200 ming nafargacha xorijlik sayyohni qabul qila oladigan “Qaynar” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Kompaniya hududning xalqaro darajadagi master-rejasini ishlab chiqadi.

Shuningdek, hududda 15 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritish asosida zamonaviy osma dor yo‘lini qurish bo‘yicha kelishuv hujjati imzolandi.

Kompaniya Qarshi xalqaro ayeroporti yaqinidagi maxsus iqtisodiy zonani hamkorlikda rivojlantirish uchun Xitoyning boshqa kompaniyalarini ham jalb qilishga tayyorligini bildirdi, deyiladi hokimlik xabarida.

Tomonlar Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi munosabati bilan Qashqadaryo viloyatning tranzit yo‘nalishdagi joylashuvining ahamiyatini qayd etdi. Bu xitoylik tadbirkorlarga Afg‘oniston bozoriga chiqish imkonini beradi.

Avvalroq Murotjon Azimov Xitoyda JAC Motors kompaniyasi bilan avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari yuzasidan muzokaralar o‘tkazgandi.

2022-yilning sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev ichki va tashqi turizm salohiyatini oshirishda ishlarni yetarli darajada tashkil etmagani uchun viloyati hokimiga hayfsan bergandi.