19-iyul kuni Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida it tishlagan erkak vafot etdi, deya xabar bermoqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 18-iyul kuni soat 19:20 da quturish kasalligiga gumon qilinib, 64 yoshli A.S.(erkak) yotqizilgan. Uni fevral oyida o‘zining 3 yoshli, qora rangli iti chap oyoq boldir sohasini tishlagani, iyul oyigacha bo‘lgan vaqt davomida tibbiyot muassasasiga murojaat qilmagani ma’lum bo‘lgan.

Shifoxona tomonidan bemorga o‘tkazilgan davo muolajasiga qaramasdan erkak 19-iyul kuni soat 21:35 vafot etgan. Bemordan namuna olish uchun patologik anatomiya tekshiruviga jo‘natilgan.

Ta’kidlanishicha, marhumga jarohat yetkazgan itni boshqa fuqarolarga jaroxat yetkazganini o‘rganish va kasallikni oldini olish maqsadida marhum yashash manzilida shtab tashkil etilgan. Tibbiyot xodimlaridan iborat 10 ta guruh tuzilib 32 nafar tibbiyot xodimlari xonadon aylanish tadbirlariga jalb etilgan.

“Sanepid qo‘mitaning Boyovut tumani bo‘limi 10 nafar xodimlari epidemiologik surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Mutaxassislar xonadonma-xonadon yurib aholining tibbiy-sanitariya madaniyatini oshirish maqsadida xavfli, o‘ta xavfli yuqumli kasallliklar mavzularida sanitariya-targ‘ibot ishlarini olib bormoqda”, — deyiladi xabarda.

Hozirda Sirdaryo viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarma ma’sullari hamda tuman mutaxassislari xonadonlardagi itlarni, mushuklarni qutirish kasalligiga qarshi emlamoqda.