Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska to‘rt yarim yillik faoliyatidan so‘ng mamlakatdagi missiyasini yakunlamoqda, 20-iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazdi. Bu haqda BMTTDning mamlakatdagi vakolatxonasi xabar berdi.

Tomonlar birgalikdagi ishlarni sarhisob qildilar. Matilda Dimovska “O‘zbekiston hukumati va rivojlanish bo‘yicha hamkorlarga ko‘rsatgan ulkan qo‘llab-quvvatlovi va sadoqati uchun chuqur minnatdorlik” bildirdi.

“BMTTD global rivojlanish sa’y-harakatlarini ilgari surish tarafdori bo‘lib qoladi hamda O‘zbekistonda barqaror, inklyuziv va farovon jamiyatni barpo etishni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi”, — deiladi xabarda.

Uchrashuv haqida vazir Baxtiyor Saidov ham Telegram-kanalida yozdi: “BMTTD bilan yaqin hamkorlik va aniq natijalarga erishishga qo‘shgan hissasi uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz”.

“O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga sodiqdir”, — dedi TIV rahbari.

Eslatib o‘tamiz, Matilda Dimovska “Gazeta.uz”ning doimiy muallifi hisoblanadi. U mamlakatni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha “Yashil Makon” loyihasining to‘g‘ri metodologiyasi, tashabbusli budjet, gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi kurash va boshqa dolzarb mavzular bo‘yicha maqolalarini chop ettirdi. Ko‘p hollarda bu maqolalar O‘zbekiston davlat organlari tomonidan o‘rganish uchun asos bo‘ldi. Matilda Dimovska muallifligidagi maqolalarni quyida o‘qishingiz mumkin.