Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi arxeologiya yodgorligiga 13 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Denov tumani fermer xo‘jaliklariga yer uchastkalarini berish masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiya “Qoraxon” mahallasida joylashgan, I-XII asrlarga oid bo‘lgan “Markaztepa” arxeologiya yodgorligini (0,21 gektar) qonunchilik talablariga zid ravishda bog‘dorchilik uchun fuqaro M.A.ga bergani aniqlangan.

Oqibatda fuqaro M.A. tomonidan ushbu tarixiy yodgorlikning 630 metr kub hajmdagi hududi buzib tashlanib, unga 13 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Tekshirish natijasiga ko‘ra, tegishli mansabdor shaxslar va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, mazkur holat qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan og‘ir jinoyatlar toifasiga o‘tkazilgan va aybdor shaxslarga 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyati Romitan tumanidagi 5 ta arxeologiya yodgorligiga jami 291,4 mlrd so‘mlik jiddiy shikast yetkazilgani xabar berilgandi. Ularda noqonuniy qazish va buzish ishlari olib borilgan.