2023-yilning fevralida Jinoyat kodeksining 2 moddasi bilan ayblanib, protsessual tartibda ushlangan bloger Abduqodir Mo‘minov ishi bo‘yicha sud 25-iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

Abduqodir Mo‘minov Jinoyat kodeksining 141−1-moddasi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlari, 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (Pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

“Oynaga qarang” MCHJ rahbari bo‘lgan 33 yoshli Abduqodir Mo‘minovga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudining ish yurituviga kelib tushgan. Uni ko‘rib chiqish bo‘yicha jarayon 25-iyul kuni soat 15:00 da boshlanishi belgilandi.

“Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchi mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 903 mln 421 ming 567,5 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan”, — deyiladi Oliy sud axborotida.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Abduqodir Mo‘minovning tergov vaqtida qiynab o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Bosh prokuratura matbuot kotibi “Gazeta.uz”ga bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, “u tirik va sog‘lom” ekanini aytgandi.