“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi ayrim UNG Petro yoqilg‘i quyish shoxobchalarida Ai-92 benzinini yetkazib berishda uzilishlar bo‘layotganiga izoh berdi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, havo harorati keskin oshishi sababli benzin yetkazib berish tungi vaqtda amalga oshirilmoqda. Shuning uchun 17−18-iyul kunlari ayrim yoqilg‘i quyish shoxobchalariga yoqilg‘i yetkazib berishda “texnik uzilishlar” yuzaga kelgan.

“Hozirda amalga oshirilgan tezkor choralar natijasida muammo bartaraf etildi va barcha AYOQSHlarga Ai-92 markali benzin reja asosida yetkazib berilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, kompaniya “O‘zbekneftgaz”ga qarashli AYOQSHlarda ko‘rsatilayotgan xizmat sifatidan norozi bo‘lgan iste’molchilar UNG PETRO`ning ishonch raqamiga (71 200−01−2) murojaat etishlari mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, bungacha ham ma’lum soatlarda UNG Petro yoqilg‘i quyish shoxobchalarida Ai-92 benzini bo‘lmacligi kuzatilayotgandi.