O‘zbekiston xalq artisti Tolib Karimov 19-iyul kuni 83 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbek Milliy akademik drama teatri ma’lum qildi.

“O‘zbek Milliy akademik drama teatri jamoasi marhumning oila a’zolariga, barcha yaqinlariga ta’ziya bildiradi”, — deyiladi teatr axborotida.

Ma’lumot uchun, aktyor Tolib Karimov 1940-yil 7-fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 1961-yilda sobiq Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining aktyorlik fakultetini tugatgan. 1961−1963-yillarda institut yo‘llanmasi bilan Ko‘qondagi Hamza nomli teatrda aktyor sifatida ijod qilgan. 1963-yilda hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida ish boshlagan. U teatr sahnasida “Qug‘lug‘ qon”, “Boy ila xizmatchi”, “Shoh Edip”, “Mirzo Ulug‘bek”, “Alisher Navoiy”, “Sohibqiron Temur”, “Yetti faryod”, “Bir koshona siri” kabi yuzlab spektakllarda turli darajadagi rollarni ijro etgan.

Tolib Karimov O‘zbekiston televideniyesida tayyorlangan o‘ttizdan ortiq telepostanovkalarda asosiy rollarni talqin qilgan. Shuningdek, u “Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi” teleko‘rsatuvlarida ham ko‘plab obrazlarni gavdalantirgan.

Aktyor 1987-yilda “O‘zbekiston xalq artisti” unvoniga, 1989-yil “Qutlug‘ qon” spektaklidagi Tantiboyvachcha roli uchun Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. 1997-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.