Rossiyada pasportini oldirib qo‘yib, bir necha oy ish haqisiz ishlagan o‘zbekistonlik 12 kishi vatanga qaytarildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Chuvashiya Respublikasining Cheboksari shahrida ishlayotgan bir guruh o‘zbeklar ish beruvchisi oylik maoshi va pasportlarini bermayotgani, yashab turgan xostelidan chiqarib yuborgani yuzasidan agentlikka murojaat yo‘llagan.

Keltirilishicha, ular ijtimoiy tarmoqlardagi yolg‘on ma’lumotlarga ishongan. Cheboksariga non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga avtobuslarda ishlash uchun borgan.

Ish beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish uchun fuqarolarning pasportlarini olgan va bir necha oy davomida ish haqisiz ishlatgan. Hujjatlarini qaytarib bermay, noma’lum joyga qochib ketgan, deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi, O‘zbekistoning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi va o‘zbek diasporasi vakillari fuqarolarni xostelga joylashtirgan va issiq ovqat bilan ta’minlagan.

Fuqarolarning bir guruhiga Bosh konsulxona vatanga qaytish sertifikatini rasmiylashtirib berdi. Agentlikning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, fuqarolarga pasportlarini qaytarish imkoni bo‘lmagan, sababi hujjatlar yo‘qolgan. Shu sababli ular O‘zbekistonda yangi pasport oladi.