Telegram`dagi Eltuz kanalida Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov Makka shahrida avtohalokatga uchragani, u salkam bir oydan beri komada qolayotgani, o‘zbekistonlik hojilar imom-xatibda jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun 100 ming dollar yig‘ib bergani to‘g‘risida xabar berildi.

Shundan so‘ng Musulmonlar idorasi imom-xatibning ayni paytda Haj safarida bo‘lib turgan farzandi yo‘llagan videomurojaatni e’lon qildi.

“Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulovning farzandiman. Toshkent shahri hojilariga ellikboshi sifatida Hajga kelgandim. Alloh taoloning sinovi bo‘lib otamni avtomashina turtib yubordi. Internet tarmoqlarida har xil bo‘hton, bo‘rttirilgan yolg‘on xabarlar tarqatilmoqda. Otamning ahvoli ancha yaxshi. Doimo suhbatlashib [turibmiz], doimo muloqotdamiz. Diniy idoramiz rahbariyati, diniy qo‘mita rahbariyati, qolaversa, Makka shahridagi ishchi guruh doimo hol-ahvol so‘rab, nazorat qilib turishibdi”, — dedi u.

Uning aytishicha, otasining sog‘lig‘i uchun pul yig‘ilgani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga zid.

“Ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvlarga binoan, har bir muolaja amaliyoti mutlaqo bepul tarzda amalga oshirilmoqda. Otamning ahvoli juda yaxshi, shifokorlar oxirgi reyslarga javob berishdi. Yaxshi duolaringizdan umidvormiz”, — dedi imom-xatibning farzandi.

Eslatib o‘tamiz, Musulmonlar idorasi matbuot xizmati Makka shahrida Haj amallarini ado etishga tayyorgarlik ko‘rayotgan ziyoratchilar uchun taniqli ulamolar, imom-domlalar va guruh rahbarlari tomonidan ma’rifiy suhbatlar uzviy davom ettirilayotgani haqida 22-iyun kuni ma’lumot bergandi.

зayniддин эшонқuлов, imom-хатиб, самарқанд

Suratda chapda Zayniddin Eshonqulov. Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

Qayd etilishicha, idora raisi o‘rinbosari Jaloliddin domla Hamroqulov, ishchi guruh vakili Zayniddin domla Eshonqulov, Fatvo markazi mutaxassisi Abdulatif Tursunov, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim mudiri Maryam Abdullayeva va Toshkent shahri bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi Zulayho Soatova O‘zbekistondan borgan har bir ayol ziyoratchi bilan muntazam suhbatlar o‘tkazgan.

Zayniddin Eshonqulovning Facebook`dagi sahifasiga oxirgi marta 23-iyun kuni Makka shahridan video joylangan.

Ma’lumot uchun, Zayniddin Eshonqulov 1976-yilda Samarqand viloyatining Urgut tumanida tug‘ilgan. Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institututi (1994−1998) va Samarqand davlat universitetini (2001−2005) tamomlagan. Misrdagi Al-Azhar universiteti hamda Xalqaro islomiy tadqiqotlar markazida malaka oshirgan. “Payg‘ambar atrofidagi kishilar” kitobini tarjima qilgan. 1998-yildan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida mehnat qiladi. 2014−2017-yillarda idoraning Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari, 2017-yildan boshlab Samarqand viloyatidagi vakili sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.