Tailandda o‘tkazilgan yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 4 ta medalga sazovor bo‘ldi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Jamoa hisoboga yagona oltin medalni Yekaterina Voronina keltirgan. U ayollar o‘rtasida ko‘pkurash yo‘nalishida ishtirok etib, 6098 ochko to‘plagan.

Kumush medallardan birini bosqon uloqtirishda ishtirok etgan Suhrob Xodjayev ikkinchi urinishda qayd etgan 71,83 metr natijasi bilan, ikkinchisini 400 metrga yugurish bahslari finalida 22 yoshli Farida Soliyeva marraga 52,95 soniyada yetib kelib qo‘lga kiritdi.

Balandlikka sakrash sektorida Svetlana Radzivil bronza medalini oldi. Bu sportchi uchun qit’a birinchiliklaridagi oltinchi medal hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Parijda yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida O‘zbekiston paralimpiya terma jamoasi 3 ta — 2 ta oltin va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan. Shu tariqa, paraatletchilar 2024-yilgi yozgi Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziya olishgan.