15-iyul kuni Toshkent−Moskva HY-603 reysida uchmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Toshkent xalqaro aeroportidagi jo‘nash zalida hibsga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Erkak mast holda aeroport yo‘lovchilari va xodimlarini haqorat qilib, jamoat tartibini buzgan. Toshkent aeroportlarida xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi inspektorlari unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘h’risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirdi. Shu kuni Sergeli tuman sudi fuqaroni 10 sutkaga ma’muriy qamoqqa hukm qildi.

“Gazeta.uz”ga ma’lum qilishlaricha, boshqarmada, avvalroq, 20-iyun kuni shu fuqaro xuddi shu sababga ko‘ra reysdan chiqarib yuborilgan. Keyin u besh kunlik ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan.