Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida reyd tadbiri olib borayotgan tuman Ekologiya bo‘limi boshlig‘i, inspektor Mirali Hojiyev xizmat vaqtida yaralandi, deya xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbut xizmati.

Inspektor Qorovulbozor hududida noqonuniy ov qilinayotganidan xabar topgan. Holatga chek qo‘yish maqsadida voqea joyiga borganida brakoner tomonidan o‘q uzilishi oqibatida qo‘lidan yaralangan. Brakoner esa voqea joyidan yashiringan.

Inspektorga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ayni damda uning ahvoli yaxshi. Brakonerlarni qo‘lga olish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.

Bosh prokuratura tekshirish davomida ov qilish maqsadida kelgan va ushbu qilmishni sodir etgan shaxslar aniqlanganini, ulardan 2 dona ov qurollari xolislar ishtirokida olib qo‘yilganini ma’lum qildi.

Ekologiya boshlig‘i olgan tan jarohatlari yuzasidan sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Qo‘shimcha ma’lumot

Bosh prokuratura holat bo‘yicha Qorovulbozor tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 202 (Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) va 219 (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Jinoyat ishi tergovi ustidan prokuror nazorati o‘rnatilgan.