Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — “Ozodlik"ning O‘zbek xizmati jurnalisti Sarvar Usmon.

Tavsiyalar

Shu kunda o‘qimayapman. Kitob o‘qimayapman. O‘qiganim — tarmoq. Zamonning zo‘raki bolasiman — o‘qigim kelmasayam o‘qiyman — ishim taqozosi.

O‘tgan oyda Mixail Poltoraninning “Trotil kuchli hokimiyat. Shoh Borisning merosi"ni o‘qib tashladim. Mutlaq utilitar tanlov: Yelsin Rossiyasining ilk matbuot vaziri bitiklari bugungi Rossiyani yaxshiroq tushunishimga yordam berarmikan, deb o‘qidim.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, sarvar usmon, tavsiya

Agar kitobxonlik uchun orden-po‘rden joriy qilishsa, u menga tegmasligi aniq: dangasaman. Lekin boshlasamu avtor yoqib qolsa, (deyarli) hamma narsasini o‘qib chiqmagunimcha qo‘ymayman.

Natijada kitobxonlik tajribamni “Dostoyevskiy davri”, “Chexov davri”, “Qodiriy davri”, “Shukshin davri”, “Cho‘lpon davri”, “Shukur Xolmirzayev davri”, “Yaroslav Gashek davri”… kabilarga bo‘lish mumkin.

Bolaligimda taniganim shovvoz soldat Shveykning “otasi” Gashekning besh jildligi ish stolimda doim turgan yillari, qachonlardir uning (Gashekning) vataniga kelib, ishlab qolaman, degan gap tushimgayam kirgan emasdi.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, sarvar usmon, tavsiya

Gashek bilan 1980-yillarda boshlangan “do‘stligimiz” 1990-yillarda yanada mustahkamlandi. Har gal besh jildlikning duch kelgan jildini duch kelgan joyidan ochib o‘qirkanman, bu yigit Qirg‘iziston (tug‘ilib-o‘sgan yurtim)ning bugungi hayotini yozib qo‘yibdiyu, deb ajablanaverardim. Saylovlar to‘g‘risidagi bir-ikki narsasini tarjima ham qiptashlaganman.

U yoki bu avtorni izchillik bilan o‘qish uning “dunyo"sini to‘liq (roq) tushunishga yordam beradi. Bu ko‘pincha foydaga, ba’zida xafsalangiz pir bo‘lishi ham mumkin.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, sarvar usmon, tavsiya

Shukur Xolmirzayev bitta (paxtaga sepiladigan dori bangisi haqidagi) hikoyasi bilanoq meni “jinni” qilgan-qo‘ygan, keyin hikoyalarining uch jildligi chiqqanda ataylab Toshkentdan opkeltirgandim.

Yozilgan vaqtidan kelib chiqib xronologik tartib berilgan hikoyalarni bir chetdan o‘qidim va… bu hikoyalar sovetcha-kommunistcha siyosatning badiiy talqini ekanini ko‘rdim: har bir hikoyadan sizib chiqadigan messej u yozilgan davr siyosatiga mosligi hayron qoldiraverdi. Xullas, Xolmirzayevni men o‘qiganday o‘qimang.

Audiokitob… Bir-ikki marta eshitdim. Varlam Shalamovning “Kolima hikoyalari"ni. Bilmadim, oshni qoshiqda yeganday bo‘ldim — o‘qigan boshqa — menday chiroyli fikr, o‘ynoqi jumla gadosiga kitob durustroq ekan, o‘sha o‘ynoqi jumlani qayta-qayta o‘qish, ta’mini tanglayda tuyush mumkin…

“Shirin” kitoblar javonimda “O‘n ikki stul” bilan “Oltin buzoq” ham bor (Ilya Ilf va Yevgeniy Petrov). Originali ham, tarjimasi ham. Avtorlar katta olmosni sindirib, aynan shu ikki kitobga sochib yuborganday tuyulaveradi. Har jumla kuladi, har jumladan o‘t chaqnaydi.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, sarvar usmon, tavsiya

Bolaligimda “Sariq devni minib” (Xudoyberdi To‘xtaboyev) boshlangan kitobxonligim hanuz davom etyapti. (Yo birinchi kitobim Rablening “Gargantyua va Pantagryuel"imidiykin?). Yaxshiyam Xudo menga zaif xotira bergan: yaxshi ko‘rgan kitoblarimni qayta-qayta o‘qiyveraman, ba’zida hayron ham bo‘lib qo‘yaman: kitobda bunday gap yo‘q ediyu?!

Kafkani (Frans) o‘qing, Markesni (Gabriel Garsia) o‘qing, Pamuqni (O‘rxon) o‘qing degan maslahat bermoqchi emasman.

Har kim qachondir o‘z Kafkasiyu, Markesiyu Pamug‘iga o‘zi yetib borsin. Yetolmaydiganlarga bunday bepul maslahatlar foydasiz.

Lekin har bir o‘zbek Tog‘ay Murod va Shavkat Rahmonni o‘qishi shart. Bu ikkisidagi toza havodan nafas olishi, bu ikkisidagi shiddatni tuyushi kerak, o‘sha shiddatni “tomirlariga quyishga” urinib ko‘rishi lozim.