“Tez yordam”ning Andijon, Samarqand, Jizzax va Surxondaryo hududiy filiallarida “103 Med-data” avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Tez tibbiy yordamning 2022 — 2023-yillardagi chora-tadbirlar strategiyasi”ga ko‘ra, o‘tgan 6 oy davomida Respublika tez tibbiy yordam markazi hududiy filiallari so‘nggi rusumdagi monoblok, monitor, IP telefon, kommutator va server shkaf kabi zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari bilan ta’minlandi.
“Qolaversa, bu yil Toshkent shahar tajribasiga asosan Andijon, Samarqand, Jizzax va Surxondaryo hududiy filiallarida tez tibbiy yordam xizmatining „103 Med-data“ avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etildi. Farg‘ona, Buxoro va Toshkent viloyati filiallarida esa ushbu amaliyot test-sinov rejimida faoliyat yurityapti”, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov.
Tizimda:
- tez tibbiy yordam avtomashinalarini boshqarishni monitoring qilish va optimallashtirish;
- dispetcherlik xizmatini real vaqtda boshqarish, tahlil, ma’lumotnoma va hisobotlarni avtomatik yaratish;
- yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
- qo‘ng‘iroqlarni tezkor ro‘yxatdan o‘tkazish va bemor haqida ma’lumot olish;
- hisobot hujjatlarini yaratish va ko‘rish imkoni mavjud.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Mazkur tizim orqali qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish, xizmat ko‘rsatish va ro‘yxatdan o‘tkazishni samarali boshqarish mumkinligi ta’kidlangan.