Tailandda o‘tayotgan yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik Suhrob Xodjayev bosqon uloqtirib, kumush medal olgani xabar qilingandi. Musobaqaning keyingi turlarida yana ikki o‘zbekistonlik ayol atletlar medallarga ega chiqdi.

400 metrga yugurish bahslari finalida 22 yoshli Farida Soliyeva marraga 52.95 soniyada yetib kelib, ikkinchi bo‘lib kesib o‘tdi. Bu bilan navoiylik sportchi shaxsiy rekordini yangiladi. Oltin medal Shri-Lanka vakilasiga nasib etdi, kuchli uchlikni hindistonlik atlet yakunlab berdi.

400 metr, OCH:

  1. Ramanayaka Nadisha (Shri-Lanka) — 52.61 soniya
  2. Farida Soliyeva (O‘zbekiston) — 52.95 soniya
  3. Aishvarya Mishra (Hindiston) — 53.07 soniya

Balandlikka sakrash sektorida Svetlana Radzivil bronza medalini oldi. Dastavval u 1.75, 1.80 va 1.83 metr balandlikdagi plankalardan birinchi urinishdayoq sakrab o‘ta oldi. Biroq 1.86 metr balandlikka kelganida omadsizlikka uchradi. Oltin va kumush medallar esa qozog‘istonlik atletlarga nasib etdi. Bu Svetlana Radzivil uchun qit’a birinchiliklaridagi oltinchi medal hisoblanadi.

Balandlikka sakrash, OCH:

1. Kristina Ovchinnikova (Qozog‘iston) — 1.86 m
2. Yelizaveta Matveyeva (Qozog‘iston) — 1.86 m
3. Svetlana Radzivil (O‘zbekiston) — 1.83 m

Ma’lumot uchun, Svetlana Radzivilning sportdagi omadli yurishlari 2018-yil Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida boshlandi. O‘shanda u balandlikka sakrashda oltin medal olish bilan birga, Osiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatgandi — 196 metr.