Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Tashabbusli budjet” jarayonining joriy yilgi 2-mavsumi 17-iyul kuni soat 10:00 dan start olishini ma’lum qildi.

  • 1-bosqich — fuqarolar tomonidan loyihalarni shakllantirish jarayonlari 17-iyuldan 6-avgustgacha;
  • 2-bosqich — loyihalarni maxsus komissiya tomonidan saralab olish jarayonlari 6-avgustdan 26-avgustgacha;
  • 3️-bosqich — loyihalarga ovoz berish jarayonlari 26-avgustdan 15-sentabrgacha o‘tkaziladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu mavsum uchun tuman (shahar) budjetlari hisobidan 1 trln so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirilishi kutilmoqda. Bu mablag‘lar mavsum yakuniga qadar ortib borishi aytilgan.

Fuqarolar jarayonda ishtirok etish shartlari bo‘yicha o‘zini qiziqtirgan savollarga ushbu havola orqali javob olishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, 2022-yil 12-oktabr kungi yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yildan viloyat budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining 30 foizi “Tashabbusli budjet” loyihalariga berilishini ma’lum qilgandi.

“Umuman, kelgusi yildan boshlab mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina „Tashabbusli budjet“ orqali aholi ovoz bergan loyihalarga ajratiladi. Bunda „Tashabbusli budjet“ loyihalari uchun mablag‘lar 3,5 baravarga oshirilib, 8 trln so‘mga yetkaziladi”, — degandi prezident.

2023-yil fevral oyida “Tashabbusli budjet” 1-mavsumiga jami 1,7 trln so‘m ajratilishi ma’lum bo‘lgan. Jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflarni moliyalashtirish uchun 2023-yilda budjetdan ajratiladigan jami 8 trln so‘m mablag‘ quyidagicha taqsimlanishi rejalashtirilgan:

2 trln so‘m — “Tashabbusli budjet” jarayonlari uchun tuman va shahar budjetlarida rejalashtirilgan;
320 mlrd so‘m — “Mening yo‘lim” loyihasi doirasida tuman va shahar budjetlarida rejalashtirilgan;
4 trln so‘m — “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirish uchun.