Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov Kun.uz (Web Expert MCHJ) va uning jurnalisti Shokir Sharipovga nisbatan da’vo arizasini qaytarib oldi.

Sharipov huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev tomonidan 14-iyul kuni e’lon qilingan xatida fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Uchtepa tumanlararo sudidan arizani ko‘rmasdan qoldirishni so‘ragan.

Sud 20-iyulga belgilangan edi. O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga majlis bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, sud Sharipovning da’vo arizasini qaytarib olish haqidagi ikkinchi arizasini ko‘rib chiqadi.

12-iyun kuni nashr jurnalist Shokir Sharipovning “Davlat amaldorining „ipakdan to‘qilgan“ biznes to‘ri. Soha shaxsiy tomorqaga aylantirilganmi?” sarlavhali surishtiruvini e’lon qildi. Materialda aytilishicha, Bahrom Sharipov nomi go‘yoki rafiqasi va boshqa qarindoshlari orqali jun tolalari, ipak va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan o‘nlab korxonalar bilan bog‘langan.

Materialda Bahrom Sharipov sohani tartibga soluvchi qo‘mitaga rahbarlik qilishi hisobga olinsa, manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkinligiga ishora qiladi.

Bahrom Sharipov o‘z da’vo arizasida (nusxasi “Gazeta.uz”da mavjud) Kun.uz maqolasidagi ma’lumotlarni asossiz deb atadi hamda bu o‘zi va oilasining obro‘siga putur yetkazganini qayd etgan. U suddan tahririyat va jurnalistni raddiya e’lon qilish, omma oldida kechirim so‘rash va ulardan ma’naviy zarar uchun 1 milliard so‘m undirishni so‘ragandi.

“Gazeta.uz”ning manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi yuzasidan tergovdagi faktlarni o‘rganish bo‘yicha so‘roviga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi izoh berishini ma’lum qildi.