Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosarlariga, tuman va shahar hokimlariga jami 16 ta Tracker avtomashinasini xarid qilish uchun 4 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha viloyat xalq deputatlari kengashining qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Hujjatni muhokama qilish muddati 11-iyuldan 26-iyulgacha etib belgilangan. Mablag‘ viloyat mahalliy budjetining 2023-yilda shakllangan qo‘shimcha manbalari hisobidan ajratilishi kutilmoqda. Hujjat bilan umumiy hisobda 7,6 mlrd so‘m taqsimlanadi. Shundan:

  • viloyat hokimligiga qo‘shimcha bino qurish bilan bog‘liq xarajatlarga 1 mlrd so‘m;
  • xususiy sheriklik asosida isitish tizimiga o‘tayotgan ijtimoiy soha muassasalarini isitish tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish xarajatlariga 1,2 mlrd so‘m;
  • 2023-yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash hamda foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya mablag‘larini ajratish xarajatlariga 1 mlrd so‘m;
  • viloyat hokimi o‘rinbosarlariga va tuman va shahar hokimlariga 16 ta Tracker avtomashinasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarga 4 mlrd so‘m;
  • Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-avgustdagi 660-sonli farmoyishiga asosan xarid qilingan jihozlarni saqlash bo‘yicha ijradan yuzaga kelgan qarzdorliklarni qoplash xarajatlariga 400 mln so‘m ajratilishi nazarda tutilgan.

Avvalroq “Gazeta.uz” yirik vazirlik va idoralarning xizmat avtomashinalari parkini tahlil qilib, mamlakatning yuqori martabali amaldorlari qanday avtomobillardan foydalanishini aniqlagandi.