Asakadagi UzAuto Motors zavodi 17-iyul, dushanba kunidan to‘liq quvvatda qayta ishga tushadi. Hozirda sexlar bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Avvalroq kompaniya Asakadagi avtomobil zavodi rejalashtirilgan modernizatsiya ishlari sababli ish faoliyatini vaqtincha to‘xtatganini ma’lum qilgandi.

Korxona Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardan kelgan 170 nafar mutaxassis bilan hamkorlikda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va barqaror ishlab chiqarishni ta’minlash maqsadida zavodning ishlab chiqarish liniyalarini rejali modernizatsiya qilishni yo‘lga qo‘yayotgani aytilgandi.

Modernizatsiya rejasi doirasida presslash sexida yangi Fanuc (Yaponiya) robotlashtirilgan tizimining dasturiy ta’minotini ishlab chiqish hamda ishga tushirish ishlari olib borilishi, bo‘yoqlash sexida esa konveyer relslari almashtirish, sexdagi robotlashtirilgan tizimlarga texnik xizmat ko‘rsatilib, bo‘yash jarayonida ishlovchi barcha tizimlar sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgandi.

Kompaniya yig‘uv sexining ikkita liniyasida ham ishlab chiqarish tezligi oshirilishini, ya’ni birinchi liniyada ishlab chiqarish tezligini 35 ta (soat/avtomobil), ikkinchi liniyada bu ko‘rsatkich 30 taga yetkazish imkoniyati yaratilishini ma’lum qilgan.

Modernizatsiya barcha avtomobil modellarining yillik ishlab chiqarish hajmini oshiradi, deyilgan xabarda. Ikkinchi liniyaning modernizatsiya qilinishi Chevrolet Cobalt avtomobilining yillik ishlab chiqarish hajmini 30 ming donaga oshirish imkonini beradi. 2022-yilda kompaniya ushbu rusumdagi 101,6 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqargan.

Shuningdek, bu iste’molchilarga avtomobillarni yetkazib berish jadvaliga ta’sir qilmasligi ta’kidlangandi.