Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida hududiy Ekologiya boshqarmasi va IIB xodimlari “Balxiyak” mahallasida yashovchi fuqaroning uyida reyd o‘tkazdi.

Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, A.K. o‘z uyida 9 ta bo‘z echkiemar hamda 5 ta O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasini noqonuniy saqlab kelayotgani aniqlangan.

Bo‘z echkiemar va O‘rta Osiyo toshbaqasi O‘zbekiston Qizil kitobi hamda CITES Konvensiyasiga (Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiya) kiritilgan.

Bundan tashqari, A.K. 2 ta ko‘lvor ilonni o‘ldirib, hovlisiga osib qo‘ygan.

Sudralib yuruvchilar ushlanib, yashash joylariga mos cho‘l hududiga qo‘yib yuborildi. Aniqlanishicha, fuqaro hayvonot dunyosiga 51,5 mln so‘m miqdorida zarar yetkazgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish uchun hujjatlar tayyorlanmoqda.