O‘zbekistonda aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari yanvar oyida kuzatilgan rekord darajadagi o‘sishdan so‘ng ketma-ket beshinchi oy pasaymoqda, deb xabar berdi Markaziy bank. Iyun oyi yakunlariga ko‘ra, aholining narx bo‘yicha kutilmalari o‘rtacha 13,3 foizni (may oyiga nisbatan -0,4 foiz), tadbirkorlarniki esa 13,3 foizni (-0,3 foiz) tashkil etdi.

Toshkent inflyatsiya kutilmalari bo‘yicha eng pessimistik hudud bo‘ldi. Poytaxtdagi respondentlar inflyatsiya 16,8 foiz bo‘lishini (+0,6 foiz) kutmoqda. Narxlarning yuqori tempda o‘sishi Buxoro viloyatida — 14,9 foiz (+1 foiz) va Qashqadaryo viloyatida — 14 foiz (+0,3 foiz) ham kutilmoqda. Eng optimistik kutilmalar Qoraqalpog‘istonda qayd etilgan — 10,9 foiz (-0,4 foiz).

Iyun oyidagi so‘rovlarda tadbirkorlar kutayotgan xavflar orasida valyuta kursi o‘zgarishi omili keskin oshdi va 11 foiz punktga ko‘tarilib, 55 foizni tashkil etdi. Valyuta kursining o‘zgarishi aholining ham eng ko‘p xavfsirayotgan omili — buni respondentlarning 50 foizi qayd etgan. Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi o‘zining tarixiy maksimumini yangiladi.

Shuningdek, aholi kelgusi 12 oyda narxlarning ko‘tarilishiga asosan

  • ish haqining oshishi (respondentlarning 40 foizi, may oyida 36 foiz bo‘lgan);
  • bozorda monopoliyalarning mavjudligi (38 foiz, may oyida 36 foiz);
  • narxlarning sun’iy oshishi (34 foiz, may oyida 36 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya narxining oshishi (33 foiz, may oyida 32 foiz);
  • iqlim o‘zgarishi sababli ekinlar hosilining kamayishi (26 foiz, may oyida 24 foiz) ta’sir etishini kutmoqda.

Oxirgi omil Markaziy bank so‘roviga birinchi marta kiritilgan.

Biznes hali ham inflyatsiyaga ish haqining oshishi — 39 foiz (36 foiz) hamda yoqilg‘i va energiya narxining oshishi — 32 foiz (30 foiz) ta’sir qiladi, deb hisoblamoqda.

Respondentlarning qariyb 27 foizi (o‘tgan oy deyarli 30 foizni tashkil etgan) yil oxirigacha inflyatsiya rasman prognoz qilingan darajada bo‘lishini (9−12 foiz) kutmoqda. Shu bilan birga, inflyatsiya 13−16 foiz va 17−20 foiz oralig‘ida bo‘lishini prognoz qilgan respondentlarning ulushi biroz oshdi. Inflyatsiya 5 foiz va undan past darajada bo‘lishini kutayotgan respondentlar soni keskin oshdi.

inflyatsion kutilmalar, inflyatsiya, марказий bank

Kattalashtirish uchun ustiga bosing

Inflyatsiya kutilmalari — odamlarning kelgusi oylar va yillarda narxlarning oshishi haqidagi taxminlari. Bu taxminlar odamlarning iste’molchi sifatidagi xatti-harakatlariga ta’sir qiladi. Narxlar ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan narsalarni tezda sotib olishni xohlaydigan odamlar xaridlarni kechiktirishni to‘xtatadi, ko‘proq pul sarflaydi, kamroq tejaydi va tez-tez kredit oladi. Natijada kutilayotgan inflyatsiya real inflyatsiyaga ta’sir qiladi. Talabning oshishi ta’sirida narxlar tezroq ko‘tarila boshlaydi.

Agar odamlar inflyatsiyaning o‘sishini vaqtinchalik deb hisoblasa, uzoq muddatli inflyatsiya kutilmalari oshmasligi mumkin — inflyatsiya kutilmalarining bunday mustahkamlanishi Markaziy bank siyosatiga bo‘lgan ishonchga asoslanadi: biznes va aholi pul-kredit siyosati inflyatsiyani avvalgi darajaga qaytarishiga ishonganda, kelajakdagi narxlarning oshishi haqida kamroq tashvishlanadi.