20-iyun kuni “Mushtum” jurnalining Telegram kanalida Surxondaryo viloyati Bandixon tumani prokurori Soatmurod Maxmanovga tegishli ekani aytilayotgan audio tarqalgani xabar qilingandi. Kanalda audioyozuvga izoh sifatida qayd etilishicha, prokuror tumandagi MFY raislariga ularning xizmat vazifalariga, vakolatlariga kirmaydigan — aholidan soliq to‘lovlarini undirish vazifasini yuklab, so‘roqqa tutib, do‘q-po‘pisa va haqorat qilib, kamsitgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan mazkur audioda tuman prokurori oldidagi odamlarni uyatsiz so‘zlar bilan haqorat qilib, so‘kingani aks etgan.

“Sen kecha nima va’da bergan eding, it? Nima va’da bergan eding deyapman? Qani puling, ber buyoqqa. Qancha bor? 2 mln so‘m tushirgansan? Nimani va’da berganding, kechagi pulni ko‘tarib kelyapsan. Erkakmisan senlar ey? Xotinchalish. Erkakmisan sen ham? Itdan tarqagan ekansan-ku. Odamdan tarqaganingda odamning ishini qilarding. Bor, itning ishini qil, vovullab o‘tir ko‘chada. Tur yo‘qol, iflos”, — deyiladi audioda.

Boshqa bir odamga esa “to‘rtta odamini yig‘a olmasa, arizasini yozib, yo‘qolishini” aytarkan, “Yo‘q, men tushunmayapman-da, bu tizim. Siz … yeb o‘tiribsizmi, enangizniki bormi bu yerda?!” degan prokuror ekani aytilayotgan shaxs.

Audio bo‘yicha Surxondaryo viloyati prokuraturasi rasmiy munosabat bildirarkan, tarmoqlarda tarqalayotgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz bergani hamda boshqa holatlar o‘rganilayotganini ma’lum qilgandi.

“Mushtum” jurnali tahririyatining Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayanib ma’lum qilishicha, Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Bandixon tuman prokurorining xatti-harakatlari yuzasidan o‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra, Soatmurod Mahmanovga nisbatan intizomiy jazo qo‘llangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish, ya’ni haqorat uchun javobgarlik belgilangan. Biroq shunga qaramasdan odamlarni haqorat qilgan prokurorga nisbatan ma’muriy ish ochilmagan.

Bundan tashqari “Mushtum” jurnali 12-iyul kuni ayni shu prokuror Soatmurod Maxmanov fermer Chori Pirimqulovning murojaatini e’lon qildi. Unda aytilishicha prokuror Chori Pirimqulovni majlisga kech kelgani uchun haqorat qilgan va kaltaklagan.

Ta’kidlanishicha, prokuror “Ey cho‘chqa, cho‘chqadan tarqalgan, …qa kech keldingmi?! It, itdan tarqagan! Chiqqan joyingga tiqib yuboraman”, — deb haqoratlab, fermerni o‘zi olib kelgan etik bilan boshiga urgan.

Jamoatchilik munosabati

Ushbu holatga munosabat bildirar ekan Kainbek Telegram-kanali “Qonunlar faqat qora xalqqa kelganda ishlaydi”, — deb yozdi.

Huquqshunos Zafarbek Solijonov esa holatning ildiziga e’tibor qaratish kerakligini yozgan.

“Konstitutsiyadagi ma’muriy bo‘linishga istisno tarzda og‘zaki sektor tizimi ham joriy qilindi. Prokuratura shundan beri asosiy faoliyatidan og‘imoqda. 21 yil avval qabul qilingan hujjati esa eskirgan, ammo amalda. Prokurorlar haqida ayrim xabarlarni ko‘rsam kulgim keladi: un tarqatdi, bug‘doyda, paxta terimida, falonchini xabar oldi va boshqalar”, — deya yozadi u.

“Prokuraturani sektor tizimidan chiqarish kerak. Qonun ijrosini ta’minlashi va jinoyatchilikka qarshi kurashishi, oldini olishi kerak bo‘lgan prokurorlar takrorlanuvchi ijtimoiy funksiyalarni bajarish bilan band. „Oqsoqol qani? Qiynalgan oilaga kiyim tarqatyapti. Prokuror qayerda? U ham huddi shu ish bilan qo‘shni mahallada“. Kulgilimi? Mahalliy „diktatorchalar“ bo‘lgan hokimlarga bo‘ysunishlari esa yozilmagan qonun. Ular bir vaqtlari bu ishlar uchun o‘qimagan. Oyog‘i yerdan uzilgan mansabdorlarni ramkaga soluvchi kuch bo‘lishi zarur, prokuratura”.

“Farengeyt bo‘yicha 451 asarida Klarissa kasbi o‘t o‘chiruvchi bo‘lgan Montegga „rostan ham bir vaqtlari sizlarning asosiy ishingiz o‘t o‘chirish bo‘lganmi?“ deya savol beradi. G‘alatimi? Chunki yuqorining topshirig‘i bilan kitoblarga o‘t qo‘yishga o‘tgan o‘t o‘chiruvchilar asosiy ishi — o‘t o‘chirishni unutishgandi. Prokuraturaning yangi tahrirdagi qonun loyihasini tezlashtirib qabul qilmasak, ularni o‘z vazifalarini bajarishga yo‘naltirmasak, prokurorlar ham asliyatini unutishni boshlaydi. Ishonavering”, — deya yozgan Solijonov.

Sobiq deputat, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev holatga quyidagicha munosabat bildirdi.

“Itdan tarqagan deyish va so‘kish haqoratga kirmas ekan. Demak, birovni “itdan tarqagan” deyish, so‘kish, qo‘l ko‘tarish ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lmaydi. Ayniqsa, mahalla raislari va fermerlarga bunday qilinsa. Nari borsa bitta intizomiy chora qo‘llanilarkan. Bundan kelib chiqsa, istagan odamni u hox mansabdami yoki mansabdamasmi “itdan tarqagan”ga chiqarib, so‘kaversak bo‘ladi. Bu madaniyatsizlik bo‘sa-da, qonunbuzarlik emas! Qoyil, rahmat prokuraturaga: qonunlarni qo‘llashdagi tenglik, adolat va xalqqa namuna bo‘lgani uchun!”, — deya yozgan Kusherbayev.