Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari Toshkent shahrida fuqarolarni AQShga noqonuniy ravishda jo‘natish bo‘yicha navbatdagi urinishlarning oldini oldi, deb xabar bermoqda departament matbuot xizmati.

Departamentning Chilonzor tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro R.I. fuqaro Ya.M.ni tanishlari yordamida AQShga ishlash uchun Meksika orqali aylanma yo‘llar bilan yuborish evaziga 30 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, departamentning Toshkent shahri boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan R.P. fuqaro Z.S.ning ishonchiga kirib, unga tanishlari yordamida 3500 dollar va 14 mln so‘m evaziga AQShga borish uchun viza olib berishni va’da qilib, shundan 14 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.