Markaziy saylov komissiyasi 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari prezident saylovi natijalari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqqanini ma’lum qildi.

Caylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning 15,6 mlndan ziyodi yoki qariyb 80 foizi o‘z xohishi bilan munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdi. Majlisda saylov yakunlari bo‘yicha bayonnoma tuzildi hamda saylov natijalarini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Jumladan, saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 87,05 foiz ovozi bilan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi prezidenti lavozimiga saylanganligi to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deyiladi xabarda.

Shuningdek,

  • “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Robaxon Anvarovna Mahmudovaga saylovchilarning 4,43 foizi,
  • Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Ilyosovich Inoyatovga 4,02 foizi
  • Ekologik partiyasidan nomzod Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayevga 3,74 foizi yoqlab ovoz berilgani bayonnomada aks ettirildi.

Bundan tashqari, majlisda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.