O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni mamlakatga xorijiy sarmoyalarni jalb etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan saylov yakunlarini sarhisob qilar ekan, “donishmand xalqimiz juda katta siyosiy tadbirni yuqori saviyada, yorug‘ yuz bilan o‘tkazdi”, deya ta’kidladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

“Yangilangan Konstitutsiya asosida bo‘lib o‘tgan saylovlarda fuqarolarimiz yuksak uyushqoqlik ko‘rsatib, o‘zlarining siyosiy madaniyati va faolligini namoyon qildi va buni jahon hamjamiyati ham e’tirof etdi”, — deya prezidentdan iqtibos keltirdi uning matbuot kotibi.

“Biz barchamiz O‘zbekiston degan qadimiy, go‘zal va betakror yurt farzandlarimiz. Shu qutlug‘ zaminda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillarining bugungi hayoti, taqdiri va kelajagi ham bir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Barchamiz uchun Vatan va xalq manfaatlari muqaddas va eng ustuvor maqsaddir. Saylov jarayonida hammamiz uchun mushtarak bo‘lgan ana shunday ulug‘ g‘oyalarni yetakchi o‘ringa qo‘ygan barcha nomzodlarga o‘z tashakkurlarimni aytaman”, — dedi prezident.

Davlat rahbari “saylovda faol ishtirok etgan, o‘zining xohish-irodasi, yuksak siyosiy ongi va huquqiy madaniyatini yaqqol namoyon etgan, keng ko‘lamli demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan” barchaga hurmat-ehtiromini bildirdi.

“Bor bilim va tajribamni, kuch-g‘ayratimni mehnatkash, mard va olijanob xalqimizning menga bildirgan yuksak ishonchini oqlash uchun safarbar etishga, bu yo‘lda, kerak bo‘lsa, jonimni ham fido qilishga tayyorman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident saylovni yuqori saviyada tashkil etgani uchun Markaziy saylov komissiyasiga, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlayotgan huquq-tartibot idoralariga, shuningdek, saylov jarayonlarini xolisona baholab, haqqoniy yoritayotgani uchun mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar, jurnalistlarga minnatdorlik bildirdi.