Navoiy viloyati Navbahor tumanida 9-iyul kuni Qizil kitobga kiritilgan ikkita jayronni otgan brakonerlar qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.

Ekologik reyd davomida fuqaro Q.Sh. boshqaruvidagi Niva avtomashinasi yukxonasida otilgan ona-bola jayron borligi aniqlangan.

Tekshiruv ishlari davomida jayronlar Samarqand viloyati Narpay tumanida yashovchi fuqarolar Q.Sh va Q.F.ga tegishli ov qurollari yordamida noqonuniy ovlangani ma’lum bo‘ldi.

Tabiatga 33 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Q.Sh. boshqaruvidagi avtomashina jarima maydonchasiga qo‘yildi va ov qurollari saqlash uchun Navoiy viloyati IIBga yuborildi. Hozirda prokuraturaga yuborish uchun kerakli hujjatlar to‘planmoqda.