O‘zgidromet xizmati agentligi 10−14-iyul kunlari kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi. Sinoptiklarning xabar berishicha, ushbu haftaning katta qismida O‘zbekiston hududi bo‘yicha ob-havo yuqori barik o‘rkach rivojlanishi va Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi bilan belgilanadi.

Havo harorati kundan-kunga ko‘tariladi. Hududning katta qismida issiq ob-havoning cho‘qqisi haftaning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. 12−13-iyul kunlari kunduzgi havo harorati +40…+42 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +43…+45 darajagacha ko‘tariladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining shimolida 11−12-iyul kunlari eng yuqori harorat +43…+45 daraja bo‘lishi kutilmoqda.

Kuchli issiq qisqa muddat kuzatiladi. 13-iyulda O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlarida, 14-iyulda respublikaning barcha hududlarida atmosferadagi janubiy oqimlar g‘arbiy oqimlarga o‘zgaradi va havo harorati +33…+38 darajagacha, janubda +40 darajaacha pasayadi. Bunday harorat foni dam olish kunlarida ham saqlanib turadi.

Ushbu hafta davomida respublikaning barcha hududlari bo‘yicha havo kam bulutli va asosan quruq bo‘lishi kutilmoqda. 10−12-iyulda shimolda va cho‘l hududlarda, 13−14-iyul kunlari respublika bo‘yicha shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda.

Toshkent shahrida 10−14-iyul kunlari asosan kam bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol tezligi asosan kuchsiz bo‘ladi, 14-iyulda 10−12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Dushanba kuni kunduz kuni harorat +37…+39 daraja bo‘ladi, 11−13-iyulda harorat asta-sekin ko‘tariladi va 12−13-iyul kunlariga kelib +39…+42 darajagacha, 14-iyulda +36…+38 daraja bo‘ladi.