Qishda kuzatilgan anomal sovuq davrida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi piyoz hosilining yo‘qotilishi Rossiyada bu sabzavot narxining keskin oshishiga sabab bo‘ldi, deya xabar bermoqda RBK.

May oyida Rossiyada piyozning o‘rtacha narxi kilogrammiga 73,3 rublga yetdi. Bu so‘nggi 20 yil ichidagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Sabzavot narxi o‘tgan oyga nisbatan 9 foizga oshgan (aprelda 67 rubl/kg bo‘lgan).

Qayd etilishicha, Rossiya bozorlarida so‘nggi o‘n yil ichida may oyida bir kilogramm piyoz narxi 30−40 rubl oralig‘ida bo‘lgan. 2022-yilning may oyida ham sanksiyalar fonida logistika zanjirlari uzilishi tufayli Rossiyaga import qilinadigan tovarlarni yetkazib berishda muammolar bo‘lganiga qaramay piyoz narxi joriy yilning may oyiga nisbatan 29 foizga arzonroq bo‘lgan (bir yil oldin o‘rtacha narx 56,8 rubl/kgni tashkil etgan).

Piyoz narxining oshishiga bu yil Markaziy Osiyo mamlakatlari — O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘istonda kuzatilgan hosil yo‘qotishlari sababli jahon bozorida bu sabzavot taklifi pasaygani sabab bo‘lgan.

Rossiya milliy meva-sabzavot uyushmasi ijrochi direktori Andrey Kazakov bu mamlakatlarda hosilning kamayishi anomal sovuq qish fonida sodir bo‘lganini qayd etgan.

Kazakovning aytishicha, yanvar oyidagi qattiq sovuq tufayli (O‘zbekistonda kechasi havo harorati minus 17−23 darajagacha pasaygan) isitilmaydigan omborlarda saqlangan sabzavotlar nobud bo‘lgan. Vaziyat jiddiy bo‘lgani sabab Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari piyozni zaxiralarini to‘ldirib olgunga qadar eksport qilishni taqiqlagan. Bahorga kelib, mahalliy sabzavot omborlarida piyoz zaxiralari kamaygan va Markaziy Osiyo davlatlaridan yetkazib berish to‘xtagani sababli narxlar ko‘tarilgan.

“Rusprodsoyuz” ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Misr, Xitoy va Turkiya bilan bir qatorda Rossiyaga piyoz yetkazib beruvchi asosiy davlatlardan biri hisoblanadi. Rossiya 2022-yilning yanvaridan noyabrigacha ushbu mamlakatlardan mos ravishda 17 ming tonna, 46 ming tonna, 22 ming tonna va 20 ming tonna piyoz import qilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda kuzatilgan anomal sovuq kunlarda ochiq rastalarda saqlanayotgan piyoz muzlab qolgani, yonilg‘i yetishmasligi sababli yetkazib berishdagi uzilishlar ortidan narxlar oshgandi. Shundan so‘ng mamlakatda ushbu mahsulotni chetga sotish 4 oyga to‘xtatilgan.

15-martdan esa mamlakatda piyoz narxi barqarorlashgani sababli uning eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklov bekor qilingandi.