Bunga qadar futbol bo‘yicha Qirg‘iziston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimida ishlab kelgan rossiyalik mutaxassis Aleksandr Krestinin Toshkentning “Bunyodkor” futbol klubiga bosh murabbiy bo‘ldi, deb xabar berdi klub matbuot xizmati.

““Bunyodkor”dek o‘z an’analariga, qadriyatlariga ega klubdan bo‘lgan taklifni faxr bilan qabul qildim. Chunki bu kabi jamoalarda bosh murabbiy bo‘lib faoliyat yuritish har qanday mutaxassis uchun sharaf. Shu bois muzokaralarimiz uzoqqa cho‘zilgani yo‘q”, — dedi u.

Hozirda klub O‘zbekiston Superligasida sakkizinchi o‘rinni egallab turibdi. “Vaziyatni o‘rganib chiqdim, holat ko‘ngildagidek emas. Vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish kerak, bu, albatta, bizdan mehnatni talab qiladi. Men va yordamchilarimga bunday holat begona emas, ko‘nikmamiz bor”, — dedi Aleksandr Krestinin.

44 yoshli murabbiy Qirg‘iziston terma jamoasini to‘qqiz yil — 2014-yildan beri boshqargan.