Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — taniqli jurnalist, shoir, sport sharhlovchisi Xayrulla Hamidov. Loyiha birinchi marta video shaklida ham tayyorlandi.

Mutolaa haqida

Mutolaa — bu, mashhur adiblarimizdan birining ta’rifi bilan aytganda, “o‘zi asli ishqiy jarayon”. Men mutolaadan boshqa lazzatlanish mumkin bo‘lmagan joyda uzoq vaqt bo‘lib, mutolaa nima ekanini, mutolaa bilan inson qanday qilib salomat qolishi mumkinligini tushunib yetganman.

O‘tgan asr avvalida Domla Hindistoniy degan zabardast bir ulamo o‘tgan. Shu kishini qamoqqa olishganida, uni ruhan sindirish maqsadida odam bo‘yi baravar, qimirlab ham bo‘lmaydigan chuqurlikka “qani, qachongacha chiday olarkin”, deb tushirib qo‘yishgan ekan. Oddiy odam bunday sharoitga yarim soat ham chidolmaydi. Domla chuqurga tushgan payti o‘ziga o‘zi “shu joyda Qur’onni xatm qilaman” degan ekan; yetti soatdan keyin: “Bo‘ldiye, chiq”, deb tortib olishgan ekan. Ya’ni, mutolaa ba’zan insonni mana shunday chuqurliklardan ham eson-omon chiqib ketishiga yordam beradi.

Kitobni hamma har xil o‘qiydi — ba’zilar telbalarcha, dunyolarni unutib, bir o‘qishda tugatmaguncha o‘qiydi, shundaylarga qoyil qolaman. Men ham keyinchalik buning mashqini, hadisini oldim va kitob o‘qiganimda o‘sha holatga tushaman, atrofni unutaman. Har bir odam mutolaa asnosida zavqini topishi kerak. Zavqini topsa, uni boshqa hech narsaga alishmaydi.

Ibn Arabiyning zo‘r gapi bor: “Agar jannatda odamlar ilm lazzatidek lazzatni his qilsa, demak jannat haqiqatan ham yaxshi joy ekan”. Ya’ni olim odamlar kitob o‘qishning lazzatini biladi. Bir olimning ham gapi bor edi: “O‘lim farishtasi mening jonimni kitob o‘qiyotgan vaqtimda olishini istardim, shunda osonroq jon bersam kerak”. Bir olimning ayoli ham aytgan ekan: “Xudoga qasamki, menga shu kutubxonadagi kitoblardan ko‘ra uchta kundosh yaxshi edi”. Sababi — uchta kundoshi bo‘lsa, to‘rtinchi kuni navbati keladi-da. Zavq, shavq topilsa, menimcha, kitob mutolaasi o‘zining cho‘qqisiga chiqadi.

Audiokitoblarni eshitib ko‘rmaganman, eshita olmasam ham kerak. Telefondan o‘qishga ham qiynalaman. Biror kitobni topolmay, printerdan chiqarib olsam ham, o‘qiyotganimni kitobdek tasavvur qilolmayman. Lekin zamonaviy vositalarni inkor qilmayman — xuddi Sherali Jo‘rayevni eshitib qo‘ygan avlod “Ummon”ni inkor qilmasligi kerak-da. Yosh avlodda qay yo‘sinda o‘qish imkoniyati bo‘lsa, o‘qishi kerak. Lekin bir narsaga hayron qolaman — agar kitob qandaydir ilohiy ne’mat bo‘lmasa, yeriy xususiyatdan tashqaridagi narsa bo‘lmasa, hozirgi taloto‘p davrida, texnika har soniyada rivojlanayotgan zamonda omon qolmasligi kerak edi, ammo u hali ham yashayapti.

So‘nggi o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Teodor Drayzer. “Baxtiqaro Kerri”.

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Adabiyotning ikki qanoti bo‘lsa, biri o‘zbek adabiyoti, ikkinchisi jahon va ularning har ikkisi birga, parallel harakat qilishi kerak. Men dastlab jahon adabiyoti, xususan, Teodor Drayzer asarlari haqida fikr bildirmoqchi edim. Nazarimda, har qanday sermahsul adibning ham ikkita shoh asari bo‘ladi, shunda ham ulardan biri asosiyroq bo‘ladi. Men ham odatda u yoki bu yozuvchining bosh asari mutolaasiga kirishishdan avval uning boshqa yozganlarini o‘qib, tayyorlanardim — o‘zimga shunday tamoyil qilgandim (sotib olish).

Teodor Drayzer. “Amerika fojiasi”.

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Drayzerning “Amerika fojiasi”ga ham “Baxtiqaro Kerri” orqali tayyorgarlik ko‘rgandim. Ozodlikka chiqishim arafasida, 10 kun qolganida, “Amerika fojiasi”ni o‘qishga kirishdim, ammo o‘rtacharoq kitobni bir kunda ham o‘qib tugatib tashlaydigan odam bu romanni his qilib mutolaa qilolmadim. Ozodlikka chiqqach, birinchi qilgan ishlarimdan biri — “Amerika fojiasi”ni o‘qish bo‘ldi. Kinosini ko‘rgandim, kitob kinosidan farq qildi (sotib olish).

Abdulla Qodiriy. “O‘tkan kunlar”.

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Keyinchalik ikki marta “O‘tkan kunlar”ni o‘qidim (Qodiriyning bu romanini shu vaqtgacha jami sakkiz martalar o‘qigan bo‘lsam kerak). Men qayerda intervyu bersam ham “O‘tkan kunlar”ni bir gapirib qo‘yishim, targ‘ib qilib qo‘yishim kerak, deb hisoblayman, hali kinosini ko‘rishga ulgurmagan yoshlarga kitobini o‘qi, deyman. Nega? Nega o‘zim ham o‘qiyveraman? Qur’onning ma’nolarini tarjima qilgan rahmatli shayx Alouddin Mansurning oxirgi o‘qigan kitobi, u kishi diniy qatlamning katta vakili bo‘lishiga qaramay, “O‘tkan kunlar” bo‘lgan ekan. Bu kitob — millatning dardini his qilish, tushunishdir. Unda hamma narsa bor, u hamma narsani o‘zi ichiga olgan.

Keyin, millatning nafasini beradigan asarlar tarjima qilib bo‘lmaydigan darajada bo‘lishi kerak. Chunki ba’zi so‘zlar bor, masalan, “Yig‘lanilmasin” degan gap — Qodiriy buni o‘zbekning xarakteridan olgan-da, “Yig‘lama” deya olmaydi, xizmatkoriga qaratilgan bo‘lsa-da, “Yig‘lamang” ham deya olmaydi, majhul fe’lda “Yig‘lanilmasin” deyish — o‘sha kungi madaniyatning bir ko‘rinishi-da. Ha, mayda narsalar, lekin Qodiriy shunday narsalarni har joyda qo‘shib ketaverganidan, mushtariy uni 8 marta o‘qiydimi, 10 marta o‘qiydimi, 20 marta o‘qiydimi, o‘zi uchun yangilik topaveradi. Ko‘pda shunday detallar. She’riy asar deb o‘ylayman — she’rlarda ham ta’birlar, majozlar chiqaveradi-ku. “O‘tkan kunlar” ham shunaqa (sotib olish).

Yoshlarga tavsiyalar

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining mana shu uchinchi qismga jiddiy tayyorlandim. O‘qilgan kitoblar haqida hikoya qilarkansan, gapga ustalik bilan vaziyatdan chiqib ketish mumkin. Mutolaa haqida ham umumiy gaplarni gapirish mumkin. Ammo bir kishiga bir kitobni tavsiya qilarkansan, bu ishga chuqurroq yondashish kerak, deb o‘ylayman. Shu bois yoshlarga mo‘ljallangan tavsiyalarni bir mavzuga bog‘lab, bir maqsad yo‘lida — fikrlashga chorlash niyatida tuzdim.

Ayni vaqtda, o‘qiydigan darajaga yetib borish uchun ba’zi bosqichlar bor. Misol uchun, shtanga ko‘tarishda ham qoida bor-ku — yangi kelgan bolaga tosh 10 kilo-10 kilodan qo‘shib, ko‘tartiriladi va oxiri u 200 kiloni ham ko‘taradi. Ammo unga birdan 200 kilo ko‘tartirilsa, bola sinadi. Shu kabi, mutolaada ham shunday bosqichlar bor (yengilidan qiyiniga, degandek).

Muhammad Yusuf. “Qora quyosh” dostoni.

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Ba’zilar she’rni yoqtirmaydi, ammo she’riyat juda muhim. Ustozimiz Rahmon aka (Qo‘chqor)ning “Hayrat” nomli ajoyib ko‘rsatuvlari bo‘lardi. Bir safar she’riyat haqida to‘xtalib, Kambodjada isyon bo‘lib, insoniyat tarixida misoli yo‘q juda ko‘p qotilliklar bo‘lgani, hatto yosh go‘daklarning yuraklari sug‘irib olinib, eng tansiq taom deya tanovul qilinishigacha yetib borilgani, bu voqealardan sal avval esa she’riyatni, san’atni yo‘q qilish boshlangani haqida gapirib bergandilar. Ya’ni she’r, so‘z taqiqlangan, she’rga qarshi ayovsiz kurash olib borilgan. Xalqdan she’r sug‘irib olingach, misli ko‘rilmagan darajadagi dahshatli voqealar sodir bo‘lgan. Bunda faqat she’r emas, barcha san’at turlarini qayd etsa bo‘ladi — men ularni insonlarni vahshiylikdan to‘sib turgan asosiy qo‘riqchilar, deb hisoblayman.

Shuning bois birinchi tavsiya she’riyatdan bo‘lgani ma’qul deb hisoblab, nimani tavsiya qilsam ekan deb rosa o‘yladim va ayni damda jamiyatimiz uchun eng zarurini tanladim. Muhammad Yusuf ijodini ko‘pchilik hurmat qiladi, qo‘shiqlarini eshitgan, lekin “Qora quyosh” dostonini ko‘plar o‘qimagan.

Men tuzumlar almashgan 1990-yillarda o‘qishga kirganman — boshqacharoq davrlar edi. Hozir texnika qanday tezlik bilan o‘zgarayotgan bo‘lsa, u vaqtda fikrlar shunday tez o‘zgarardi. Fikrlar to‘qnashuvi, matbuot va demokratiyaning cho‘qqisi… Hozir o‘sha davrga ta’rif bera turib, “bardak davr” deb qolishadi. Aksincha, “hamma narsa o‘z o‘rniga shunday tashlab qo‘yilgan davr” degan bo‘lardim — shu bois adabiyotda ham, she’riyatda ham, san’atda ham shoh asarlar shunday davrlarda yaratiladi, deb o‘ylayman. Bir narsani nazorat qilish boshlansa — 2000-yildan keyin shunday bo‘ldi-ku — katta ijodlar to‘xtaydi. Nazorat yaxshilikka deb o‘ylashadi, ammo unday emas — hamma narsa o‘z yo‘lida ketsa, to‘g‘ri raqobat katta narsalarni yuzaga chiqaradi. 1990-yillar mana shunday — so‘m-kupon davri bo‘lgandir, ba’zi odamlar qiynalgandir, lekin fikriy tomondan yetuk asarlar yaratilgan, yetuk fikrlar va katta darg‘alar chiqqan.

Muhammad Yusuf “Qora quyosh” dostonida 1937−1938-yillardagi qatag‘onni har xil rakurslardan ko‘rib chiqqan. Misol uchun, ichida “Onaning nolasi”, “Ikki yashar xalq dushmanlari” degan she’rlar bor — “xalq dushmanlari”ni qamashganda, ularning 2 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarini saqlab turadigan maxsus joy bo‘lgan — shoir o‘sha she’rini “Uchga kiradimi, Xudo biladi, Ikki yashar xalq dushmanlari”, deb tugatgan.

Dostonda alohida “Qora quyosh” degan she’r ham bor. U Stalinning obrazini tasvirlab, aytadiki, “u buyuk me’mor, yarim odamlarning boshidan imorat qurgan”; Stalinga berilgan bahoda nimani ta’riflasa salbiysini ham ko‘rsatib ketaveradi. Bu qanaqa odam o‘zi, “yarim xalq qarg‘aru, yarim xalq alqar”, deydi va oxirida “Stalin — quyoshdir, Qora quyoshdir”, deydi. Doston nomi ham shundan.

Men mana shu she’riy asarni o‘qib, shu mavzudagi nasriy asarlarda his qilmaganimni — qatag‘on davrini to‘la his qilganman. Yana shunday davrlarga qaytmaslik uchun ham bunday asarlarni o‘qish, o‘sha davrlarni qayta-qayta eslab turish kerak.

Asad Dilmurod. “Sherdor”.

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

O‘zbek yozuvchilarining tarixiy mavzudagi asarlari ko‘p — “Navoiy” romani bor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirovning asarlari bor — ularni hamma biladi va, menimcha, ko‘p sotilyapti ham. Ammo ko‘pchilik bilmaydigan yana bir adib — Asad Dilmurod ham bor. Uni o‘zim ham 2010-yildan keyin kashf etganman. Adashmasam, 2019-yili qazo qildilar — Xudo rahmat qilsin. Shu kishining ko‘plab romanlari bor. Ular orasida “Sherdor” qissasi alohida ajralib turadi. Samarqandagi shunday nomli madrasa bor-ku, o‘sha yerdagi hokimiyat ramzi bo‘lgan sher va xalq ramzi hisoblangan kiyik misolida, go‘zallik ichida xalqning dardini aytib beradi. Ko‘pchilik bu tarixni bilmaydi.

Asad Dilmurodning istalgan kitobini olib o‘qiyverishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim, lekin shu adibning ham men uchun ikkita shoh asari bor. Biri, yuqorida ta’kidlaganimdek, “Sherdor” qissasi, ikkinchisi esa “Mahmud Torobiy” romanidir.

Asad Dilmurod. “Mahmud Torobiy”.

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Mahmud Torobiy xalqimiz uchun yo‘qotilgan siymo. U Jaloliddin Manguberdi bilan Amir Temur orasida qolib ketgan, go‘yoki unutilgan. Mo‘g‘ullarning birinchi avlodi bilan urushgan, qo‘zg‘olon qilgan va Buxoroda qisqa muddat hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab turgan (shu jihatdan uni Qo‘qon muxtoriyatiga ham o‘xshataman), chingiziylarning jamiki qonunlariga ters yurgan.

“Mahmud Torobiy” romanining yutuqli tomoni — roman-ku, romanda sevgi-muhabbat ham bo‘lishi kerak — Asad Dilmurod sevgi mavzusini fransuz adabiyoti namoyandalari darajasida yetkazib bera olgan. O‘qib, mazza qilib yuborganman (syujetga ko‘ra, Torobiy Chingizxonning go‘zal jiyanini sevib qoladi va oxiri u qiz musulmonchilikni qabul qiladi). Bunday asarlar o‘quvchini o‘zida ushlab tura oladi.

Takror bo‘lsa-da ta’kidlay — odamlar Asad Dilmurod degan muallifni ko‘rishsa, kitoblarini olaverishsin va o‘qiyverishsin. Man ham hammasini ham emas, to‘rttami asarini o‘qiganman. Tili juda jozibali. Nazarimda, ozgina “minus”chasi bor — shoirona tasvir biroz oshib ketgan joylari bor. Balki shuning uchun ommaviy o‘qilmagandir.

Habibulla Qodiriy. “Otam haqida”.

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Dokumental ishlardan ham bir tavsiya — Habibulla Qodiriyning “Otam haqida” asari. Men “Otam haqida”ni o‘qiganimda Abdulla Qodiriyni yana bir karra kashf qilganman. Chunki o‘g‘il boshqacha yozadi. Shu bilan birga, Habibulla Qodiriyning o‘zini ham kashf qilganman. Habibulla Qodiriy butun asar davomida otasining bosib o‘tgan yo‘lini va otasidan keyin Qodiriy familiyasi bilan yashash qanchalik og‘ir bo‘lganini ko‘rsatib bergan.

Habibulla Qodiriy ham qamalib chiqqan. Unga “familiyangni o‘zgartirsang bo‘ldi edi, qamalmasding”, deyishganida, yana bir marta qamasanglar ham o‘zgartirmasdim, degan ekan. Qiziq tomoni, asar oxirida Habibulla Qodiriyning o‘g‘li aytganki, “ko‘pchilik Abdulla Qodiriyga qiyinroq bo‘lgan deb o‘ylaydi, aslida Habibulla Qodiriyga qiyin bo‘lgan, chunki Abdulla Qodiriy yulduz edi, chiqdi, porladi, ketdi, lekin otam otasining ham yukini ko‘tarib yashadi — bu azob edi”.

Zo‘r asar — nafaqat Abdulla Qodiriyni kashf etishlari mumkin, o‘sha qatag‘on davrini ham his qilishlari, qatag‘onlarning 1940−1950-yillardagi ko‘pchilik unutgan, Stalinning o‘limi tufayligina to‘xtagan ikkinchi bosqichi naqadar g‘alati kechganini ham ko‘rishlari mumkin.

Karel Chapek. “Salamandralar bilan jang”.

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Chex yozuvchisi Karel Chapekni yaxshi ko‘raman. Ajoyib satirik, jurnalist. Dastlab bir-ikki qissalarini o‘qiganman, “Salamandralar bilan jang” romani — super asar. Chapek 1936-yili ushbu asarini yozgan bo‘lsa, 1938-yili vafot etgan. Fashizm avjiga chiqayotgan paytda yashagan. Tabiiyki, normal yozuvchilar qatori bu baloga qarshi chiqqan.

“Salamandralar bilan jang” — shu qarshilik mahsulidir. Unda asar qahramoni salamandralar (ham suvda, ham quruqlikda yashay oladigan sudralib yuruvchilar)ni topadi. Bu jonzotlarda odam qilishi mumkin bo‘lgan barcha xususiyatlar bo‘ladi va undan foydalanish boshlanadi. U kattaradi, ko‘payadi va oxiri shu darajaga yetadiki, insoniyatni yengadi. Zo‘r asar.

Gabriel Garsia Markes. “Yolg‘izlikning yuz yili”.

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Umuminsoniy qadriyatlarni o‘zida jamlagan, so‘zga bo‘lgan qarshilik va so‘zni asrab qolish uchun bo‘lgan harakatlar o‘z ifodasini topgan, odamlarni fikrlashga undaydigan asar. Nomi ham zo‘r topilgan — kitobni o‘qirkansiz, Odam Atodan to Qiyomatgacha boradigna avlod, nima qilsa ham, yolg‘izlikda yashashi, inson naqadar yolg‘izligini his qilasiz.

Men bu kitobni tavsiya qilgan ko‘pchilik yarmigacha ham emas, 20−30 bet o‘qib, so‘ng “o‘qimayman, kerakmas” deb yuborgan — qiyin asar. Ammo shu bosqichdan o‘ta olgan, asar zavqini his qila olgan odam, kirishib ketadi, mutolaa davomida atrofdagi hamma narsani unutadi, bus-butkul yolg‘iz bo‘lib o‘qiydi — o‘quvchini shunga majbur qiladigan asar. Boshqa asarlar bilan bunchalik yolg‘iz qolish qiyin.

Jorj Oruell. “1984”.

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Oruellning ham ikkita shoh asari bo‘lsa, biri shu — butun dunyoda qadrlanayotgan, Yevropa maktablarida o‘qitiladigan “1984”. Yevropani uyg‘otgan, Yevropaning hozirgi rivojlanishiga eng ta’sir qilgan asarlardan. Nega maktablarda o‘qitiladi? Kitobda bayon qilingan holatga holatga tushmaslik uchun. Unda muallif o‘ylab topgan narsalar har joyda odamni o‘ylatadi, tili tushunarli, hech qanday mubolag‘a yo‘q. Kuzatib turuvchi Og‘a, nafaqat fikrga qarshi kurashish, balki umuman fikrlatmay qo‘ya qolaylik degan g‘oya qanday fojialarga sabab bo‘lishi, bunday tuzum qanday o‘rnatilishi ko‘rsatib berilgan.

Men, albatta, kishilarimiz Forobiyning “Fozil odamlar shahri” kitobini o‘qishlarini istardim — u bugun tavsiya etilayotgan barcha asarlardan yuqoriroq turadi, deb hisoblayman, ayni vaqtda uni “1984”ning pozitiv namunasi deyish ham mumkin. Lekin uni tavsiya qilganimiz bilan, mushtariylar o‘qib tushunmasa, foydadan ko‘ra zarari ko‘proq bo‘lib qolmasmikin, degan mulohaza bor. Bir kishiga “Boburnoma”ni tavsiya qilgandim, u o‘qishga urinib ko‘rib, tilini tushunmay, “o‘zbekchasi yo‘qmi?”, deb qoldi. Shunda o‘quvchini qiynamaslik kerak, asarlarni bugungi kun odamlariga tushunarli tilda yetkazish kerak ekan, deb o‘ylab qoldim (sotib olish).

Murod Muhammad Do‘st. “Lolazor”.

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Hozir jinoyatlar haqida o‘qishning zarurati yo‘q deb o‘ylayman. Hozir xalqimizni fikrlashga chorlashimiz kerak. Fikrlaganidan keyin, stendapchi Mirshakar Fayzulloyev aytganidek, xalq butun boshli bosqinchini himoya qilib turmaydi-da.

O‘quvchi yuqorida tavsiya qilingan asarlani bosqichma-bosqich o‘qib chiqib, yakunda badiiy saviyaga ehtiyoj sezsa, mazza qilay, inson xarakterini olay desa, oxirgi tavsiyam — Murod Muhammad Do‘stning “Lolazor” romani.

“Lolazor” — bu estetika. “Lolazor” — bu har bir odamning xarakteri dostoyevskiyona ochib berilgan roman. Bu yerda ham o‘sha tuzumning, o‘sha kunning nafasi bor, qanday g‘ayirliklar qilingani, inson qanchalik tubanliklarga borishi mumkinligi, odamlar bir-biri bilan gaplashib o‘tirganida bir-biri haqida qanday o‘y-xayol surishi kabi jarayonlarni mohirona ifoda etilgan.

Yuqoridagi “bosqich”lar bosib o‘tilsa, “Lolazor”dan keyin, o‘zimcha bir xulosam-da endi bu, istalgan asarni o‘qiyversa bo‘ladi, deb o‘ylayman (sotib olish).