Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari prezidentning jiyanini korrupsiyada gumon qilib qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda 24.kg.

Qirg‘iziston rahbarining matbuot xizmati hibsga olingan Ulan Japarov Sadir Japarovning qarindoshi ekanini tasdiqladi.

“Qo‘lga olingan Ulan Japarovga kelsak, u, haqiqatan ham, davlat rahbarining qarindoshi ekanini ma’lum qilamiz. U bojxona masalalari bilan bog‘liq korrupsion sxemalarda ishtirok etganlikda gumon qilinmoqda”, — deb yozgan prezidentning matbuot kotibi Erbol Sultanbayev.

Sultanbayev Qirg‘iziston prezidenti gumonlanuvchilarga nisbatan “barcha qonuniy choralar ko‘rilishini shaxsan o‘zi talab qilganini” qo‘shimcha qilib, “korrupsiyaga qarshi kurashishda tanlanish yo‘qligini” ta’kidlagan.

“Har qanday fuqaro, oilaviy va boshqa aloqalaridan qat’i nazar, jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etgan taqdirda, qonun doirasida javobgarlikka tortiladi”, — dedi Qirg‘iziston rahbari matbuot kotibi.

Bishkekning Pervomaysk tumani sudi Ulan Japarov 26-iyulga qadar hibsda saqlanishini tasdiqladi.

24.kg manbasining ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxsning otasi Rakimjan Japarov Sadir Japarovning amakivachchasi hisoblanadi.