Bir guruh toshkentliklar O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llab, poytaxtning Yashnobod tumanida ko‘p qavatli uylarni qurayotgan Aziya Invest Favorit qurilish kompaniyasi aholidan kvartira uchun pul olgani, biroq kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib bermagani ustidan shikoyat qildi.

Murojaatda “Izzat” majmuasida 2019−2020-yillardan buyon quruvchi tomonidan sakkizta ko‘p qavatli turar-joy binolari qurilayotgani, ularning bir qismi to‘liq foydalanishga topshirilgani, qolganlari hozirda qurilayotgani qayd etilgan. Aholidan birining so‘zlariga ko‘ra, ikki yil ichida kompaniya kvartiralar sotilayotganiga qaramasdan, uyning faqat birinchi qavatini qurgan.

U 2021-yil 2-avgust kuni Izzat ko‘chasi 58/7-uydagi hali qurilishi davom etayotgan kvartira summasini 100 foiz to‘lagani, biroq keyinroq quruvchi bir yil avval uy egasini xabardor qilmagan holda kompaniya xodimi nomiga kadastr hujjatini chiqartirgani ma’lum bo‘lganini ta’kidladi. Turar-joy “Ipoteka-bank”dan kredit olish uchun garov sifatida qo‘yilgan.

aziya invest favorit, mulk дахлсизлиги

Uning so‘zlariga ko‘ra, shunga o‘xshash holatlar boshqa uylarda ham bo‘lgan. Natijada, quruvchi vujudga kelgan qarzni to‘lay olmaydi, shuning uchun banklar kadastrsiz uylarda yashayotgan qarzdorlar yoki fuqarolarning kvartiralariga kelib, kvartirani tark etishlarini so‘rashadi.

Bundan tashqari, bo‘lg‘usi egalarining xabarisiz ko‘plab kvartiralar uchinchi shaxslarga qayta sotilgan.

Yana bir fuqaro Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida 2022-yil 21-fevralda kvartira sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzib, 273,8 mln so‘m to‘laganini ma’lum qildi. “Bir yarim yildan buyon turli va’dalar bilan qurilish kechiktirib kelindi. Shu paytgacha men pulini to‘lagan uy qurilishi uchun bitta cho‘p ham qo‘yilmadi”, — deydi u.

Aholi bu ish saylovdan keyin unutilib qolishi mumkinligidan, shuningdek, pullar qaytarilgan taqdirda ham inflyatsiya bilan bog‘liq xavotirlarini bildirdi, boisi kvartiralar har kvadrat metri 3,5−4 mln so‘mdan sotib olingan va oxirgi to‘rt yil ichida uy-joylar narxi keskin oshgan.

aziya invest favorit, mulk дахлсизлиги

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Aziya Invest Favorit rahbari Xayrullo Xatamov hibsga olingan, shu bois xodimlar odamlarga kompaniya faoliyatini to‘xtatganini ma’lum qilmoqda.

Yana bir fuqaro 2023-yil 14-fevralda uy olish uchun to‘lov qilganini bildirdi. Mijozga Izzat ko‘chasidagi bir yerni ko‘rsatib, 58-uy shu yerda quriladi deb aytishgan.

“Endi aniq bo‘lyaptiki, firmada bu yerga egalik huquqi yo‘q. Firma rahbarlari qurilish uchun tegishli tashkilotlardan ruxsat olmasdan mingdan ziyod odamni aldab qurilmaydigan uylarni sotgan. Buning oqibatida 1090 tadan ziyod xaridor pulsiz va uysiz qolmoqdamiz”, deydi boshqa bir murojaatchi.

Aldangan fuqarolar quruvchilar avvalboshdan uy qurish niyatida bo‘lmaganini ma’lum qilgan. Quruvchi uylarning kvadrat metri uchun poytaxt bo‘yicha eng arzon narx belgilab, shu yo‘l bilan ko‘pchilikni tuzoqqa tushirgan. Murojaatlarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ushbu firibgarlik sxemasi va ancha oldin yo‘llangan shikoyatlarni e’tiborsiz qoldirishgani ta’kidlanadi.

“Gazeta.uz” fuqarolar Aziya Invest Favorit ustidan 2021-yil yozidayoq ommaviy murojaat qilib chiqqaniga e’tibor qaratdi. Ma’lum qilinishicha, quruvchi mulkdorlarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirmagan va ularni xabardor qilmagan holda “Asakabank”dan kredit olish uchun 14 ta xonadonni garovga qo‘ygan.

“Biz ushbu majmuadan 2020-yil sentabr oyida kvartira sotib olgandik. Bu yerga 2020-yil oktabr oyida ko‘chib o‘tdik. Shartnomaga ko‘ra, quruvchi bizga 2020-yil dekabrigacha kadastr berishi kerak edi. Bugungi kunga kelib, 2021-yil avgustiga qadar kadastr hali ham mavjud emas. Bundan tashqari, bizning kvartiralarimiz bankka garovga qo‘yilganini bilib qoldik. Bank bizning kvartiramizni olgan va uni kim oshdi savdosiga qo‘yib, sotmoqchi. Shu tufayli biz ko‘chada qolamiz. Biz 100 foiz to‘lagan kvartira to‘lovi havoga uchgan bo‘lib chiqyapti”, — degan fuqaro.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda barcha sakkizta uy xatlovga olingan, yashovchilardan hech biri kadastrni ololmagan. Quruvchi kreditni qaytarmagani sababli bank sudga murojaat qilib, g‘alaba qozongan va 14 ta kvartiraning egasiga aylangan. Aholi ko‘chirish xavfi ostida qolgan.

Bank ikkita ko‘p qavatli uy qurish uchun kredit ajratganini ma’lum qildi. Moliyaviy muammolar va ko‘chmas mulk bozorida kvartiralarning sotilmasligi sababli, qurilish tashkiloti muddati o‘tgan kredit qarzini to‘lash uchun bir nechta kvartiralarni bank balansiga qabul qilishni taklif qilgan. Shundan so‘ng bank kvartiralarni kimoshdi savdosiga qo‘ygan.

Shunday qilib, mojaro va kredit to‘lanmaganiga qaramay, kompaniya keyingi ikki yil davomida o‘z xodimlari orqali boshqa banklardan kredit olishda davom etib, mulkdorlarning kvartiralarini garovga qo‘yishda davom etavergan.

Kun.uz'ning prokuraturadagi manbasi hozirgacha aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra fuqarolarga yetkazilgan zarar 300 mlrd so‘mdan oshishi, qonunbuzarlar jinoiy ta’qibdan qochib yashirinishganini bildirgan.

Holat yuzasidan Yashnobod tuman prokuraturasi tomonidan JKning 168-moddasi 4-qismi (o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

aziya invest favorit, mulk дахлсизлигиFoto: makarenko_channel / Telegram.
7-iyul kuni aldangan mulkdorlar Vazirlar Mahkamasiga borgan va hukumat vakillari tomonidan qabul qilindi. Muammoni hal qilish uchun bosh vazir o‘rinbosari Ochilbay Ramatov va adliya vaziri Akbar Toshqulov boshchiligida vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi.

Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi vaziyat o‘rganilayotganini bildirdi.

Toshkent shahar Kadastr boshqarmasi poytaxtning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev qarori bilan Aziya Invest Favorit kompaniyasiga 8 ta ko‘p qavatli uy qurish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan 5,2 gektar yer maydoni ajratilganini ma’lum qildi.

Bugungi kunda, 0,9155 gektarga teng yer uchastkasida jami 5 ta 8 qavatli turar joy binosiga kadastr hujjatlari shakllantirilgan. Ushbu ko‘p qavatli uy-joylarga Izzat ko‘chasi 58/3, 58/4, 58/5, 58/6, 58/7-uy raqamlari berilgan va o‘rnatilgan tartibda mulk huquqida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, deyiladi xabarda.

Qurilayotgan yana uchta — 58/1, 58/2 va 58/8 uylarning kadastr hujjatlari hozircha olinmagan.

Boshqarmaning qayd etishicha, fuqarolar tomonidan sarmoya kiritish va ko‘p qavatli turar joy qurilishiga ulushli ishtirok etish to‘g‘risidagi shartnomalar mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos bo‘la olmaydi. Buning uchun huquq turining vujudga kelishini tasdiqlovchi hujjatlardan biri (quruvchi tashkilot tomonidan notarial idora orqali rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomasi va h.k.) taqdim etilishi kerak.

Bugungi kunda ushbu hududda nizoli holat yuzaga kelganligi sababli prokuratura organlari tomonidan mazkur ko‘p qavatli uy-joylarga vaqtinchalik taqiq qo‘yilgan, deyiladi xabarda.

Kompaniya haqida

Aziya Invest Favorit 2009-yil 25-sentabrda ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav kapitali 30 mlrd so‘m. Turar-joy binolari qurilishi bilan shug‘ullanadi. Ta’sischilar — Kamalitdin Tashpulatov Djurayevich (33%), Xurshid Tashpulatov Xamidullayevich (33%) va Nilufar Xatamova Isroilovna (34%).