3-iyul kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi profilaktika inspektorlari, patrul-post xizmati xodimlari va boshqa xizmatlar uchun 7 ming dona planshet yetkazib berish bo‘yicha tenderni yakunladi. Bu haqda davlat xaridlari portalida ma’lum qilindi.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, planshetdan ma’muriy bayonnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, qidiruvda bo‘lgan fuqarolar va o‘g‘irlangan transport vositalarining mavjud ma’lumotlar bazasiga tezkor kirish, qidiruvda bo‘lgan shaxslar asosida shaxsni aniqlash, Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazasiga kirishni ta’minlash hamda matnli hujjatlar, fotosuratlar va videolar, ovozli fayllarni yuborishda foydalaniladi.

Xarid uchun asos sifatida hukumatning 2021-yil 15-oktabrdagi qarori hamda prezidentning 2022-yil 16-maydagi farmoni va yig‘ilish protokoli keltirilgan.

Dastlab 10 mingta planshet sotib olish rejalashtirilgandi, keyin ularning soni qisqartirildi. Xarid qilish budjet mablag‘lari va Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armalari (jarimalardan tushumlar va boshqa manbalar) hisobidan amalga oshiriladi.

Tenderning boshlang‘ich bahosi 53,7 milliard so‘m etib belgilangan. Tanlovda 9 ta kompaniya ishtirok etdi, ulardan 7 tasi taqdim etilgan planshetlar namunalarida kamchiliklar tufayli diskvalifikatsiya qilindi.

Qolgan ikkita kompaniyaning tender komissiyasi Start Group`ni 3,61 million yevro miqdoridagi summasi bilan g‘olib deb topdi, bu o‘sha paytda 44,66 milliard so‘mga teng edi (planshet narxi taxminan 6,38 million so‘mni tashkil qiladi).

50,5 milliard so‘m taklif etgan Solution Trade kompaniyasi zaxira g‘olibi bo‘ldi.

Komissiyaning olti a’zosidan bittasi tender natijalariga rozi bo‘lmagan.

Start Group kompaniyasi Litvada ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, turli modeldagi zarbaga chidamli planshetlar, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh ratsiyasi, sanoat printerlari va boshqa mahsulotlarni sotadi.

O‘zbekistonda 2023-yil 1-yanvardan boshlab “E-patrul” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish va fuqarolarni shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar organlariga olib borish amaliyotidan voz kechish kerak edi. Buni planshetlar orqali amalga oshirish zarur.