Vazirlar Mahkamasi 5-iyul kuni Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida IT klasterni tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi.

Klaster Qorako‘l tumani “Xo‘jalar” mahallasi hududidagi 6,94 gektar maydonda joylashgan. U axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va IT xizmatlarini eksport qilish bo‘yicha ta’limga ixtisoslashgan bo‘ladi.

Klasterni tashkil etish uchun Hindistonning Acharya Institutes kompaniyasi mas’ul bo‘ladi. U 2022-yil oktabr oyida Raqamli texnologiyalar vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Qorako‘l tumanida Acharya universitetini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzoladi va unga 2 million dollar sarmoya kiritish majburiyatini oldi.

Qorako‘l IT klasterida universitetning zamonaviy infratuzilma va laboratoriyalar bilan ishlashi yo‘lga qo‘yiladi, masofaviy IT xizmatlar eksporti markazi, tadqiqot markazlari va startap loyihalarni rivojlantirish inkubatsiya markazi ham ochiladi.

Qarorga ko‘ra, birinchi bosqichda 2023-yil 31-dekabrgacha 5600 o‘rinli ma’muriy bino, o‘quv laboratoriyasi va o‘quv binolari quriladi. Ikkinchi bosqichda 2024-yil 1-sentabrga qadar 1300 o‘rinli talabalar yotoqxonasi, 15 o‘rinli mehmonxona, 100 o‘rinli inkubatsiya markazi, 200 o‘rinli IT xizmatlar eksporti markazi, oshxona, ochiq va yopiq turdagi sport inshootlari qurilishi rejalashtirilgan.

obyektlar topshirilgunga qadar Buxoro viloyati hokimligi va vazirliklarga darslar o‘tkazish uchun tegishli bino ajratish va uni Acharya universitetiga taqdim etish topshirildi. Ijara xarajatlari mahalliy budjetdan qoplanadi.

Universitetda darslar sentabr oyidan boshlanishi kutilmoqda.