O‘zbekiston may oyida oltin sotuvchi davlatlar qatorida dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqdi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (VGC) ma’lumotlariga tayanib, Spot xabar bermoqda.

Keltirilishicha, jahon markaziy banklarining oltin-valyuta zaxiralari 27 tonnaga kamaygan. Aprel oyi bilan solishtirganda, qimmatbaho metallar savdosi ikki baravardan ko‘proq qisqardi.

O‘zbekiston xorijga 11 tonna oltin sotdi, bu esa Qozog‘iston va Germaniyaning ko‘rsatkichlaridan 5,5 barobar ko‘p.

May oyida Turkiya 63 tonna ko‘rsatkich bilan qimmatbaho metall sotish bo‘yicha yana mutlaq yetakchiga aylandi. Mamlakat oltin-valyuta zaxiralarining faol sotilishini Turkiya Markaziy bankining milliy valyutani sun’iy ravishda qo‘llab-quvvatlash borasidagi avvalgi siyosati bilan izohlash mumkin, deyiladi xabarda. Iyun oyida regulyatorning ushbu kursni o‘tkazishdan bosh tortishi turk lirasining keskin qulashiga olib keldi.

Polsha may oyida oltinning asosiy xaridoriga aylandi — 19 tonna. Ikkinchi o‘rinda 16 tonna bilan Xitoy joylashgan. Undan keyin Singapur, Rossiya, Iroq, Hindiston, Chexiya va Qirg‘iziston turibdi. Ularning xaridi to‘rt tonnadan ortiq emas.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida O‘zbekiston oltin eksportini $1,3 mlrd ga yetkazdi.

Besh oy davomida qimmatbaho metallarning xorijga yetkazib berish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 47,3%ga oshib, $4,37 mlrd ni tashkil etdi.

Markaziy bank statistik ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida oltin zaxiralari jismoniy jihatdan 9 tonnaga va ekvivalentida qariyb $1 mlrd ga kamaygan.